CHAGAYEV Ruslan Shamilevich

CHAGAYEV Ruslan Shamilevich (1978.19.10, Andijon) — bokschi, «Oʻzbekiston iftixori» (1998), Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi (2000). Andijon respublika olimpiya oʻrinbosarlari bilim yurtida tahsil olgan (1991 — 1997), Andijon universitetini tugatgan (2002). 91 kg vazn toifasida Oʻzbekiston (1996, 1999, 2000, 2001), Markaziy Osiyo oʻyinlari (1995, Toshkent; 1997, Olmaota), Osiyo (1995, 1999, Toshkent), Osiyo oʻyinlari (1998, Bangkok), jahon (1997, Budapesht) chempioni. U 91 kg dan ziyod vaznda ham jahon chempioni boʻlgan (2001, Belfast). 2001-y. dan professional bokschi. Gamburg (GFR)ning «Universum boks promoshn» klubi bilan shartnoma imzolab, reyting uchrashuvlarini oʻtkazib keladi (2004). «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2001).