CHINNIGULDOSHLAR (Caryophyllaceae) — chinnigulnamolar kabilasiga mansub oila. Chalabuta hamda bir, ikki va koʻp yillik butalardan iborat. 80 turkumga kiradigan 2000 turi bor. Oʻzbekistonda 24 turkumga mansub 122 turi usadi. Barglari oddiy, qaramaqarshi joylashgan, bandsiz, tekis qirrali. Gullari toʻgʻri, 4—5 boʻlakli. Kosacha barglari erkin yoki tutashgan.
Changchilari 4—10 ta, urugʻchisi 1—5 ta, tugunchasi ustki, mevasi koʻsakcha. Shim. yarim sharning moʻtadil mintaqasida tarqalgan. Chinnigul, drema, lixnis, yer sovun va b. turlari manzarali. Yetmak, sovunoʻt, echkimiya va b. ildizlari xolva va har xil ichimliklar tayyorlashda ishlatiladi. Chinniguldoshlarning baʼzi turlari atirupa sanoatida va tibbiyotda qoʻllanadi. Chinniguldoshlarning 10 turi Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.