CHIMYON CHOʻQQISI

CHIMYON CHOʻQQISI, Katta Chimyon choʻqqisi — Gʻarbiy Tyanshanning Chatqol tizmasidagi choʻqqi. Katta Chimyon togʻida. Toshkentdan 80 km sharqda. Chimyon choʻqqisini shim. dan Chatqol, sharqdan Oqbuloq daryolari (Chatqolning chap irmogʻi), jan. va gʻarbdan Chimyonsoy vodiylari oʻrab turadi, bal. 3309 m. Atrofdagi hududlardan tik koʻtarilgan. Asosan, paleozoy davri ohaktoshlaridan tashkil topgan. Choʻqqining yon bagʻirlari koʻplab soylar bilan kesilgan. Ular orasida tik koʻtarilgan qoyalar, qurumlar, doimiy qor uyumlari uchraydi.