CHATURANGA

CHATURANGA (sanskritcha chatur — toʻrt, anga — qism) — mil, av. Hindistonda paydo boʻlgan tafakkur oʻyini. Qad. Hindistonda qoʻshin 4 qismga boʻlingan: jang aravadagilar, filbonlar, otliq va piyoda askarlar. Ch. sipohlari qoʻshin qismlarini ifodalagan. Qoʻshinning har bir qismini rojalar boshqargani uchun Chaturanga «chaturroja» deb ham atalgan. Chaturangada 32 ta (16 tadan oq va qora) sipoh 64 ta oqqora katakli taxtaning 4 chetiga 8 tadan terilgan va 4 kishi (2 tadan boʻlib) oʻynagan. Yurishlar shashxol tashlash bilan amalga oshirilgan (6 xolli tomon tushsa shoh, 5 xolli tomon tushsa farzin yurilgan va h. k.) Oʻyin raqiblarning barcha sipohlarini (shu jumladan, shohni ham) urib olinguncha davom etgan. 5—6-a. larga kelib Chaturanga oʻyin qoidalarining oʻzgargan turi chatrang (shatrang) deb nomlangan. Chatrangda sipohlar oʻyin taxtasining 2 tomoniga terilgan va 2 kishi oʻynagan. Yurishlar shashxolsiz amalga oshirilgan va oʻyinning maqsadi shohni mot qilish boʻlgan (yana q. Shaxmat).