CHAPLIN

CHAPLIN (Chaplin) Charlz Spenser (1889.16.4, London 1977.25.12, Shveysariya) — amerikalik aktyor, rej., ssenariychi, prodyuser. Faoliyatini 1897-y. myuzikxoll sahnalarida chiqishdan boshlagan. 1907—12 y. lar F. Karno pantomima teatrida ishladi. 1913-y. AQSHga qilgan gastroli paytida «Kistoun» kinokompaniyasi bilan kontrakt tuzadi va M. Sennet rahbarligida filmlarda suratga tusha boshlaydi. Oʻsha paytdagi mashhur amerikalik aktyor M. Linderning unga taʼsiri kuchli boʻlgan. «Baxtiyor Charli» filmidagi firibgar olifta roli uning ekranda yaratgan ilk obrazidir. Keyinchalik boshqa studiyalar filmlarida ham suratga tushib, mashhur boʻla boshlaydi. 1914-y. davomida «Kistoun»da 34 filmda oʻynab amerika kinosining eng isteʼdodli va yorqin komik aktyoriga aylandi. 1915—17 y. lar «Esseney», «Myuchuel» firmalarida ssenariychi, rej., aktyor sifatida faoliyat koʻrsatib, pantomima sanʼatini komik kuch bilan uygunlashtira olishda eng yuqori choʻqqilarga koʻtarilgan jahonning eng mashhur sanʼatkori sifatida tanidsi. 1923-y. «Charlz S. Chaplin film korporeyshen» nomli shaxsiy kinofirmasini tashkil etdi. Shu yildan boshlab Chaplin rej. muallif sifatida qisqa yoki oʻrta metrajli filmlardan toʻlametrajli filmlar ishlashga oʻtadi. Birinchi yirik katta filmlaridan «Parijlik ayol» psixologik dramasi boʻldi. «Daydi», «Bank», «Yollangan», «Tinch koʻcha», «Xorijlik» va b. uning dastlabki filmlaridan namunalar. «It yotish, mirza turish», «Yelkaga», «Quyoshli tomon», «Kichkintoy» singari filmlarida Chaplin mahoratining yangi qirralari ochildi. «Oltin jazavasi», «Sirk», «Katta shahar chiroklari», «Buyuk diktator», «Mesye Verdu», «Rampa yorugʻi» (1952, «Oskar» mukofoti, sanʼat choʻqqisiga koʻtarilgan filmlardan) filmlari Chaplin ijodining durdonalaridir. 1953-y. dan Shveysariyada yashagan. 1957-y. Buyuk Britaniyada «Qirol NyuYorkda» (oʻzi bosh rol ijrochisi) filmini ekranlashtirdi. «Gonkonglik grafinya» (1967) Chaplinning soʻnggi ishi. Chaplin ijodkor sifatida sanʼatga «insonni hayot bilan bogʻlab turuvchi eng buyuk kuch» deb qaragan. Oʻzining klounlik niqobini oddiy insonlar takdiri, xavotirini ifodalovchi, katta kuchlarni birlashtirib turuvchi inson obraziga aylantiraoldi. 1928 va 1972 ylar maxsus «Oskar» mukofotiga sazovor boʻlgan. Xalqaro tinchlik mukofoti laureati (1954).

Joʻra Teshaboyev.