CHANDRAGUPTA

CHANDRAGUPTA — Qad. Hindistondagi Magadha davlati podshosi, Mauriyalar sulolasi asoschisi (mil. av. 317—293). Yoshligida nandlar (Magadha podsholari) saroyida xizmat qilgan, keyinchalik ular bilan taxtga egalik qilish uchun kurash boshlagan, magʻlubiyatga uchrab mamlakatning shim. garbiga ketgan. U yerda Hindistonga bostirib kirgan Iskandar (Aleksandr) qoʻshiniga qoʻshilgan va uni nandlarga qarshi gijgijlagan. Aleksandr Hindistondan ketgach, Chandragupta yunonmakedoniyaliklarni mamlakatdan butunlay quvib chiqarish uchun boshlangan kurashga rahbarlik qilgan. Bunda ancha yutuqlarga erishgan Ch. Magadha uchun kurashni qayta boshlagan, Dxan Nanduni taxtdan agʻdarib hokimiyatni qoʻlga olgan. Shim. Hindistonni tobe etib Mauriyalar imperiyasiga asos solgan. Mil. av. 305-y. Salavk I Nikator bosqinini qaytargan, u bilan tuzilgan sulhga koʻra, Chandragupta 500 ta fil evaziga Hind daryosi gʻarbidagi katta hudud (hoz. Balujiston va Afgʻonistonning bir qismi)ni olgan va Salavkning qiziga uylangan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Chandragupta mil. av. 293-y. jaynizmni kabul kilib, toju taxtdan voz kechib rohiblikka ketgan.