CHANGITKICH

CHANGITKICH — oʻsimliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, gʻoʻzaning barglarini toʻkish (defoliatsiya) maqsadida ularga quruq changsimon moddalar (zaharli dorilar) sepish uchun moʻljallangan q. x. mashinasi. Xuddi shu maqsadda oʻsimliklarga suyuq moddalarni sepadigan mashina purkagich deb ataladi (q. Purkagichlar). Ch. ning traktorga oʻrnatib va yelkaga osib ishlatiladigan turlari boʻladi. Traktorga oʻrnatib ishlatiladigan Changitkich bilan bir yoʻla 8 yoki 16 qator oʻsimlikka (mac, gʻoʻzaga) dori sepish mumkin. Asosiy qismlari: ventilyator (yoki dori aralashtirish kamerasi), parrak, dorini toʻzituvchi uchlik, taʼminlagich shnek, gʻaltak va tarelka (rasmga q.). Ch. ning ish organlari traktorning quvvat olish validan harakatlanadi. Yelkaga osib yuriladigan Changitkichning asosiy qismlari: taʼminlagichli bunker, qoʻlda harakatlantiriladigan ventilyator, toʻzituvchi uchlikli nay, yelkaga osish tasmasi. Barcha Changitkich larning ish tarzi bir xil: taʼminlagich bunkerdagi dorini aralashtirish kamerasiga haydaydi, ventilyator hosil qiladigan havo oqimi uni toʻzitkich orqali oʻsimlikka purkaydi. Changitkichlar bilan gʻoʻzalar, daraxtlar, toklarga ishlov beriladi.