CHANA SPORTI

CHANA SPORTI — qishki sport turi, bir kishilik (ogʻirligi 22 kg) va ikki kishilik (ogʻirligi 26 kg) chana (sirpanchiklarining eni 15 sm, orasi 48 sm, uz. 124—150 sm) da 800—2000 m qorli yoki muzlatilgan maxsus qiyalik trassadan tez uchish musobaqasi. Chana sporti 19-a. oxirida Yevropada sport turi sifatida shakllangan, 1883-y. da Shveysariyaning Davos sh. yaqinida birinchi xalkaro musobaqa oʻtkazilgan. 1884-y. dan Germaniyada sport chanalari i. ch. yoʻlga qoʻyilgan. Chana sporti 1924-y. dan Xalqaro bobsley va toboggan federatsiyasi tarkibida rivojlana boshladi. 1954-y. da Xalqaro Chana sporti federatsiyasi (FIL) tashkil topdi, unga 40 dan ziyod davlat aʼzo. Chana sporti boʻyicha 1955-y. dan jahon chempionati oʻtkazib kelinadi, 1964-y. dan olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritilgan. Chana sporti Avstriya, Germaniya, Italiya, Norvegiya, Polsha, Chexiya, Shveysariya kabi davlatlarda rivojlangan.