CHAMBAR GAZ-KONDENSAT KONI

CHAMBAR GAZ-KONDENSAT KONI — Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi kon. Muborak t. y. stansiyasidan 42 km shim. sharqda. 1980-y. da ochilgan, 1986-y. dan foydalanishga topshirilgan. Kon relyefi kuchsiz tabaqalangan, zol qumlari bilan qoplangan choʻl tekisligidan iborat. Chambar gaz-kondensat koni Buxoro tektonik pogʻonasidagi Muborak koʻtarilmasining shim. gʻarbiy qismida joylashgan. Chambar gaz-kondensat konida qazilgan jami 4 ta burgʻi qudugʻida paleozoy erasi, yura, bur, paleogen, neogen va toʻrtlamchi davr yotqiziklari ochilgan. Sanoat miqyosidagi gazlilik 13 va 12 gorizontlarda belgilangan. Gorizontlar qumtosh, alevrolit, gil, mergel va ohaktoshlardan tarkib topgan boʻlib, 886—1014 m va 917—1058 m chuqurliklarda ochilgan. Kondagi gaz metanli, quruq. Kondensat oltingugurtli, 1 m3 qatlam gazida 13 g kondensat mavjud. Benzin fraksiyalarining guruhiy uglevodorod tarkibiga koʻra, kondensat metannaftenaromatli tipga mansub. Kondan hoz. kunda foydalanilmoqda.