CHALOV

CHALOV (Stipa) — gʻalladoshlarga mansub koʻp yillik, baʼzan bir yillik oʻtsimon oʻsimliklar turkumi. Moʻtadil va subtropik mintaqalarda, qisman tropik togʻlarda 300 ga yaqin turi maʼlum. Oʻzbekiston togʻlarida va togʻ yon bagʻirlarida 13 turi, jumladan, tukli Chalov (S. capillata), kavkaz Ch. i (S.caucasia Schmalh.), sovich Chalovi (S. szovitsiana Trin. ex Hohena.) va b. uchraydi. Koʻpchilik turlari choʻl, dasht, preriyalar oʻt oʻsimliklar qoplamining asosiy kismini tashkil etadi. Shagʻalli va toshloq yerlarda ham oʻsadi. Barglari kambar, uzun, chiziqsimon, qiltiqli. Boshoqlari bir gulli. Hamma turining xashagi sifati urtacha. Chorva mollari ularni bahorda (maisa holatida) xush koʻrib yeydi. Baʼzi turlari qogʻoz sanoati uchun xom ashyo.