AʼZAMOV Gʻani (1909.9.5, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1961). Faoliyatini 1930-y. Hamza teatrida boshlagan. «Halima» musiqali dramasidagi Rahim yamoqchi uning birinchi roli. Uygʻunning «Qaltis hazil» komediyasidagi Mamarasul sahnadagi ilk yutugʻidir. U yuzga yaqin mukammal obrazlar yaratgan. Domla imom («Boy ila xizmatchi»), Munajjim («Alisher Navoiy»), Arslonsher («Chin muhabbat»), Soqi sumbat («Togʻa-jiyanlar»), Qambar («Qutlugʻ qon»), Yusuf («Soʻnggi nusxalar»), Omonyor («Qonli sarob»), Bobchinskiy («Revizor»), Launs («Veronalik ikki yigit») va b. shular jumlasidan.
Aʼzamov hajviy, dramatik, lirik rollarni bir xil mahorat bilan oʻynaydi. U qanday rol oʻynamasin, oʻzining hajvkorlik isteʼdodini, oʻtkir kiioyasini ishga soladi, ushoqrollarni ham hayotiy tafsilot bilan boyitib esda qoldiradi. «Romeo va Julyetta», «Gang daryosining qizi» spektakllaridagi Petr va Nabikori rollarida bir soʻz demasada, oʻz shaxsiyatidan mahrum, mudroq bosgan, nimjon, irodasiz kishilar qiyofasini gavdalantirdi. U yaratgan Moʻmin («Oltin devor»), Almandar («Almandar») obrazlari aktyor ijodida alohida oʻrin tutadi. Usta Moʻminda aktyor kulgi talqinini oʻrni-oʻrnida fojiaga yaqinlashtirdi. S. Ahmadning unga atab yozgan «Kuyov» komediyasida Aʼzamov gavdalantirgan Gʻani timsolida yolgʻizlik fojiasi yoritildi. Filmlardagi asosiy rollari: Sartarosh («Maftuningman»), Qambar choʻloq («Qutlugʻ qon»), Domla imom («Boy ila xizmatchi»), Qora shoh («Ikki dil dostoni»), Xolmat («Suyunchi»), Serhunar choyxonachi («Temir xotin») va b. «Nashtar» satirik kinojurnalining eng faol ishtirokchilaridan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati.
F. Aʼzamov Moʻmin rolida (E. Vohidov, «Oltin devor»).