ASHURALI MEHTAR

ASHURALI MEHTAR (familiyasi Yusupov) (1893.11.7, Andijon — 1980.1.5, Toshkent) — oʻzbek xalq sozandasi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1944). Xalq dorbozlari va qoʻgʻirchoqbozlarning hamkori, mehtarlik sanʼati anʼanalarining bilimdoni surnay, karnay, nogʻora yoʻllarining ustasi. Ashurali Mehtar «Hujum», «Oʻrtoqlar», «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin» asarlariga musiqa bastalashda T. Jalilov, M. Tillayevlarga hamkorlik qilgan. U. Ismoilovning «Rustam» dramasiga musiqa bastalagan. Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatri sozandasi (1940—65). Sanʼatshunoslik i. t. intida Ashurali Mehtar ijro etgan oʻzbek anʼanaviy musiqasi nodir yozuvlari saqlanmoqda.

Ashurali Mehtar ijrosidagi Buzruk (savtlari b-n), Dugoh (ufor va savtlari b-n), Iroq (mushkiloti ufor, duchavalari b-n), Nasr (talqini b-n), Yalang davron (ufori b-n), Mustahzod (uforlari b-n), Navo (savti, mushkiloti, charxlari b-n) kabi 40 dan ortiq mumtoz kuy Yu. Rajabiyning «Oʻzbek xalq musiqasi» toʻplamidan oʻrin olgan. U «Dorbozlar» va b. filmlarda xalq sozandasi sifatida qatnashgan.

Ad.: Olimboyeva K., Ahmedov M., Oʻzbekiston xalq sozandalari, T., 1959.