ASTEKLAR

ASTEKLAR (oʻzlarini asteka, naua, maseualli («bugʻu ovlovchilar» — eng qad. nomlari) , tenochkilar, mexika deb ataydilar] — Meksikaning eng yirik indeys aholisi. Umumiy soni 1,2 mln. kishi (1992). Asteklar asosan astek (nauatl) tilida, qisman ispan tilida soʻzlashadilar. Dini katolik. 12 – a. da shim. dan kelgan Asteklar Mexiko vodiysiga bostirib kirib, u yerda oʻrnashib olganlar. 1325-y. Tenochtitlan qishlogʻi (hoz. Mexiko sh.) vujudga kelgan. 1427-y. A. Teskoko va Tlakopan shahardavlatlari bilan ittifoq tuzib butun vodiy aholisini, keyinchalik esa Markaziy Meksikani oʻzlariga boʻysundirganlar. 1519 — 21 y. larda Asteklar ispanlar tomonidan zabt etilgan. A. Mexiko vodiysiga kelgan paytlarida ularda urugʻ-qabilachilik tuzumi hukmron edi. Asteklarga 2 yoʻlboshchi va 20 urugʻ oqsoqolidan iborat kengash rahbarlik qilgan. 15 – a. ga kelib Asteklarning ilk davlati vujudga kelgan. Savdo rivojlangan, hunarmandchilik ajralib chiqa boshlagan. Ispanlar kelguniga qadar Asteklar temirni bilmaganlar, lekin oltin, kumush, mis va jezni quya bilganlar. Asosiy q. x. ekinlari joʻxori, paxta, kakao, tamaki boʻlgan. Itdan boshqa uy hayvonlari boʻlmagan. Asteklarning piktografik xati, yuksak sanʼati, quyosh taqvimi boʻlgan. Hoz. paytda Asteklarning koʻpchiligi Meksikaning q. x. va sanoat ishchilarini tashkil qiladi, faqat ozgina Asteklar gina eskicha hayot tarzlarini saqlab qolganlar.