AFSONA

AFSONA — 1) xalq ogʻzaki ijodi (folklor) janri. U xayolot, uydirma va toʻqimadan iborat boʻlsada, soʻzlovchi va tinglovchi tomonidan haqiqatdek tasavvur etiladi, hatto boʻlib oʻtgan davri, makon ham koʻrsatiladi. Afsonalar ogʻizdanogʻizga, eldan-elga oʻtib kelgan, ifoda usuli bayon tarzida.

Afsona ogʻzaki hikoyat boʻlib, u xayoliy obraz yoki tasavvur asosiga quriladi, hikoya qiluvchilar va tinglovchilar tomonidan qachonlardir shunday boʻlgandek qabul qilinadi. Rivoyatdan farqli oʻlaroq Afsona zaminida albatta moʻjiza, sehr-jodu boʻladi. Afsonalar olam (Yer, Quyosh va b. sayyoralar yuzaga kelishi) haqida, toponimik (Qof togʻi, daryo, dengiz, shahar, qalʼa, qishloq, tepalik, Eram bogʻi va h. k.), elatlarning kelib chiqishi (mas, turkiy xalqlarning), hayvonot dunyosi (mas, sher, ajdaho, anqo, semurgʻ va b.)ga oid, tabiatdagi voqea, hodisalar (mas, chaqmoq, zilzila, shamol va b.) xususida, tarixiy shaxslar (mas, turkiylardagi Er Toʻnga, Toʻmaris, Shiroq, anglosakslar qiroli Artur va b.) toʻgʻrisida, diniy (mas, islomdagi Nuh paygʻambar xususidagi, Abu Muslim jangnomasi, Avestodagi Frangrasyan (Afrosiyob), xristianlikdagi Iso Masihning havoriylari bilan sayohatiga bogʻliq voqea-hodisalar) va b. turli-tuman mavzularda boʻladi.

Afsonalar hajmi kichik, bayon qilinishi sodda, badiiy tasvir vositalaridan deyarli xoli boʻladi, tuzilishiga koʻra ertak, naql, rivoyatlarta oʻxshab ketadi.

Afsonalar yozma adabiyotning, ayniqsa, badiiy, falsafiy, dinga, tarixga, axloqqa oid asarlarning mavzui, muayyan qismi tarzida gʻoyaviy-estetik vazifani bajargan. Mas, «Qutadgʻu bilig», «Devonu lugʻotit turk», Alisher Novoiyning «Xamsa», Dantening «Ilohiy komediya», Chingiz Aytmatovning «Oq kema», Erkin Vohidovning «Ruhlar isyoni», Abdulla Oripovning «Jannatga yoʻl» kitoblarida Afsonalar asarning badiiy-estetik va taʼsir kuchini oshirishga, inson ruhiyatini yanada chuqur va toʻlaqonli tasvirlashga xizmat qilgan.

2) Koʻchma maʼnoda — uydirma, yolgʻon, aqlga toʻgʻri kelmaydigan gap.