AFRIGʻIYLAR MADANIYATI

AFRIGʻIYLAR MADANIYATI — Xorazmdagi 4—8-a. larga oid madaniyat, afrigʻiylar sulolasi nomi bilan bogʻliq. Afrigʻiylar madaniyatiga oid yodgorliklar 1937—40 y. larda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tomonidan oʻrganilgan. Afrigʻiylar madaniyati shakllanishida qoʻshni koʻchmanchi qabilalar muhim rol oʻynagan. Bu davrda antik hunarmandchilik markazi — qad. shaharlar inqirozga uchrab, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot qishloqda, mulkdorlarning qoʻrgʻoni va qasrlari atrofida jonlangan. Burgut qalʼa vohasida olib borilgan qazishmalar vaqtida sertarmoq sugʻorish kanali va ariqlar, dalalarning rejali joylashuvi aniqlangan. Katta-kichik turar joylar toʻp-toʻp joylashgan, katta yer egalarining qasrlari kanallar boshida boʻlib, ular suv taqsimotini nazorat qilib turganlar. Xorazmda bu davr istehkomlari asosan paxsadan toʻrtburchak tarxda qurilgan, devori burjlar bilan mustahkamlangan, davra yoki toʻrtburchak tarhli (soʻnggi mudofaa minorasi) boʻlgan. Yirik qalʼalar (Yakka Porson, Qum qalʼa, Uy qalʼa, Teshik qala) mudofaa istehkomlariga ega boʻlgan. Eng yirik istehkom — Burgut qalʼa (maydoni 6 ga dan oshiq) atrofida shahar vujudga kela boshlagan. Turar joylar daxliz, asosiy va yordamchi xoʻjalik xonalaridan iborat boʻlgan. Imoratlarning tarhi, qiyofasi aholining ijtimoiy mavqeiga bogʻliq boʻlganligi aniqlandi.

Xarobalardan mis tangalar, jez, qoʻlda va charxda yasalgan sopol idishlar (xum, koʻzacha) siniqlari, bezak buyumlari, temirdan yasalgan dehqonchilik va hunarmandchilik qurollari (ketmon, oʻroq, pichoq va b.), shoyi, ip, jun gazlama parchalari, uch par-rakli temir paykonlar, xanjarlar, yorgʻuchoqlar, tegirmon toshlari, yozma yodgorliklar topilgan. Marhumlarni ostodon (sopol tobut)larda koʻmish rasm boʻlgan. Tarixiy manbalarda 8-a. ga oid Kat, Hazorasp, Urganch sh. eslatib oʻtilgan.

Ad.:Tolstov S. P., Po drevnim deltam Oksa i Yaksarta, M., 1962; Nerazik Ye. Ye., Selskiye poseleniya afrigidskogo Xorezma, M., 1966; Nerazik Ye. Ye., Selskoye jiliщye v Xorezme (I—XIV vv.), Trudы Xorezmskoy arxeologo-etnograficheskoy ekspeditsii, t. IX, M., 1976.