AFRIKASHUNOSLIK

AFRIKASHUNOSLIK — Afrika xalqlarining tarixi, urf-odatlari, mintaqaning ijtimoiy, iqtisodiy tuzumi, tillari, siyosati, iqtisodiyoti, madaniyati va undagi siyosiy jarayonlarni oʻrganadigan fan. Afrika va uning xalqlari toʻgʻrisidagi baʼzi maʼlumotlarni Movarounnahr xalqlari qadimdan bilganlar. Afrika qitʼasini Muhammad Muso Xorazmiy (9-a.) oʻzining «Surat ul-arz» («Yer shakli») asarida tilga olgan. Afrikadagi xalqlar, ularning urf-odatlari, mashgʻuloti va boyliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar dastlab ensiklopedist olimlardan Ahmad Fargʻoniy asarlarida, Abu Rayhon Beruniyning «At-Tafhim» («Tushuntirish»), «Qonuni Masʼudiy», nomaʼlum muallifning «Hudud ul-olam» («Olam chegaralari», 10-a.), Mahmud Koshgʻariyning «Devonu lugʻotit turk» (11-a., uchinchi jild), Muhammad Najib Bakronning (13-a.) «Jahonnoma» va b. asarlarda uchraydi. Beruniy chizgan dunyo xaritasida Afrika qitʼasining ham shakli bor. Afrikaning tabiiy boyliklari va xalqlari toʻgʻrisidagi mufassalroq dalillarni biz Hofizi Abru (1361—1430)ning jugʻro-fiy asarlarida, Mahmud ibn Valining «Bahr ul-asror» («Sirlar dengizi») asarida koʻp uchratamiz. Afrikashunoslik borasida Rossiya FA 1959-y. da tashkil etgan Afrika in-tida yirik ilmiy ishlar olib boriladi. Tadqiqotlar yoʻnalishi quyidagicha: i. ch. kuchlari, ulkashunoslik, sivilizatsiya muammolari, xalqaro va Afrika mamlakatlariaro muammolar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, «islom omili», xotin-qizlar masalalari, mintaqadagi ilm-fan, taʼlim, moliya-kredit munosabatlari. Mazkur in-t jahondagi eng yetakchi ilmiy dargoxlardan boʻlib, oʻzining «Afrikanskiy roʻnok» («Afrika bozori») jur. ini, referativ toʻplamlar, kichik ensiklopediyalar, maʼlumotnomalar nashr etadi va «Aziya i Afrika segodnya» («Osiyo va Afrika bugun»), «Vostok» («Sharq») jur. larida Afrikaga oid muammolarni tadqiq va tahlil qiladi.

Afrika tillarini oʻqitishda afrikalik olimlar, mutaxassislar ham hissa qoʻshib kelmoqda. Gʻarb olimlari Afrikaning siyosiy va iqtisodiy masalalarini, undagi siyosiy jarayonlarni oʻrganib keng tahlil etdilar, ilmiy monografiyalar nashr etdilar. Xususan, ingliz olimlari Kravford Yuong, Jon Rayt, Martin Kramer, Jonaxan Birman, Rayt Ferst, Lillian K. Xarris, fransuz olimlari Daniyel S. Papplarning nomlarini taʼkidlash oʻrinlidir. Oʻzbekiston olimlari 60—80-y. larda eng avvalo Afrika xalqlarining milliy-ozodlik harakati bilan bogʻliq masalalarni tadqiq etgan boʻlsa, 90-y. larda esa ushbu mintaqaning dolzarb hayotiy muammolarini oʻrganmoqda. 80-y. larda Afrikaning turli muammolari boʻyicha bir necha oʻzbek olimlarining maqola, risola va monografiyalari chop etildi, nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi. Hozirda oʻzbekistonlik afrikashunos olimlar Afrikaga taalluqli siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, mafkuraviy, harbiy masalalarni tadqiq etmoqdalar. 1991-y. da tashkil topgan Toshkent davlat sharqshunoslik in-tida talabalar Afrika mamlakatlari tarixi, iqtisodi, ichki va tashqi siyosatini oʻrganmoqdalar, Afrikashunoslik sohasida mutaxassis boʻlib yetishmoqdalar. Afrikashunoslikga, shuningdek OʻzMU da, Strategik va mintakalararo in-tida qisman eʼtibor qaratilmoqda. Milliy mustaqillik sharoitida OʻzbekistonAfrika munosabatlari bir maromda rivojlana bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Afrikaning Misr, Liviya, Mali, Marokash, JAR, Mozambik, Jazoir, Tunis, Botsvana, Sudan, Efiopiya, Jibuti, Gvineya, Gabon, Benin, Ekvatorial Gvineya, Zambiya, Nigeriya, Gana, Chad, KaboVerde va b. mamlakatlari bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatdi. OʻzRning Afrika mamlakatlari bilan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy aloqalari yangicha ahamiyat kasb etmoqda. 1968-y. dan beri Toshkentda xalqaro kinofestivallar, birgalikda sport musobaqalari oʻtkazilyapti.

Ad.: Ziyadullayeva L., Problemы sotsialno-ekonomicheskogo razvitiya osvobodivshixsya stran, T., 1986; Novikova O. B., Stranы Tropicheskoy Afriki: nalogi, strategiya razvitiya i ekonomicheskiy rost, M., 1991. Giyasov B. T., Xosni Muborak — politik i diplomat, T., 1998; Rahmonov D. N., Afrika — Osiyo qitʼalaridagi nizoli vaziyatlar va umuminsoniy omillar, T., 1993. Bobur Gʻiyosov.