AFLOTUN XAZINASI

AFLOTUN XAZINASI — Fargʻona vodiysining shim. dagi Aflotun daryosining Itoqarsoy irmogʻi yoqasida joylashgan Kalunchat qishlogʻidan topilgan (1924) soʻnggi jez davriga oid yodgorlik. A. x. baʼzan ilmiy adabiyotlarda Kalunchat xazinasi nomi bilan ham uch-raydi. Aflotun xazinasi misdan ishlangan bilaguzuk, halqa, ikkita qoʻngʻiroq shaklidagi zirak, bir necha munchoq va jezdan quyilgan 8 ta mitti odam haykalchalaridan iborat boʻlib, u avval Namangan sh. oʻlkashunoslik muzeyiga topshirilgan, keyinroq esa yoʻqolgan. Mitti odam haykalchalarining bal. 2,5—2,8 sm dan oshmaydi. Odam shakli ancha aniq tasvirlangan boʻlib, ular tik turgan holda, qoʻllarini beliga tirab, choʻqqi telpak kiyib turibdi. Ulardan faqat bittasi bosh kiyimsiz, koʻz va burunlari ancha ifodasiz tasvirlangan boʻlib, boshqa qolipda quyilganligidan dalolat beradi. Bu haykalchalar ishlanish uslubi va shakli jihatidan qad. Sharqning jez davri yodgorliklariga oʻxshab ketadi. Ammo ularning choʻqqi telpak kiygan holda ishlanishi mil. av. 8—7-a. larda Fargʻona vodiysida yashagan sak qabilalarini eslatadi. Choʻqki telpakli mitti odamlar haykalchalari Shim. Eronning Hisor 3 yodgorligidan ham oʻndan oshiq topilgan boʻlib, ular mil. av. 2-ming yillikning birinchi choragiga oiddir. Aflotun xazinasi dagi bilaguzuk, zirak va halqa kabi buyumlar mil. av. 13— 10-a. larda shu hududlarda yashagan sak qabilalarining bobokalonlari — jez davri aholisining yuksak sanʼat asarlari yarata olganlaridan dalolat beradi.

Ad.:3adneprovskiy Yu. A., Drevnezem-ledelcheskaya kultura Ferganoʻ, M., 1962.