ATIRGUL

ATIRGUL (Rosa L.) — raʼnodoshlar turkumining xushmanzara oʻsimlik sifatida ekiladigan bir qancha turiga xalq tomonidan qoʻyilgan umumiy nom. Bu turkumning yovvoyi holda oʻsadigan turlari xalqda raʼno, naʼmatak, qirq ogʻayni va itburun nomlari bilan maʼlum. Osiyo, Yevropa, Amerika mamlakatlarida keng tarqalgan. Atirgulning Yer yuzida 250 —300 turi, 25 mingdan ortiq navi bor. Oʻzbekistonda 19 turi, 600 dan ortiq navi oʻstiriladi. Bu navlar gulining katta-kichikligi, rangi, hidi, poyada oʻrnashishi, gullash davri, poyaning tikka yoki ilashib oʻsishi kabi xususiyatlari b-n farq qiladi; fasl boʻyi uzluksiz yoki takroriy gullab turadigan va poyasi ilashib oʻsadigan xillari koʻproq ekiladi. Atirgul asosan, payvand qilib, parxishlab va kalamchasini ekib koʻpaytiriladi. Payvand qilish yoʻli bilan koʻpaytirishda iyulda terilgan naʼmatak mevalaridan ajratib olingan urugʻlar nam joyda saklanib, noyab. oxiri — dek. boshlarida ochiq dalaga sepiladi. Urugʻ unib chiqqanidan keyin kelasi yili apr. — avg. davomida 4 — 5-marta chopiq qilinadi, 8 — 10-marta sugʻoriladi; avg. — sent. oylarida Atirgul navi kurtaklari naʼmatakka payvand qilinadi. Kelasi yil erta bahorda payvandtag unga ulangan kurtak yuqorisidan kesib tashlanadi, payvandni bogʻlagan chipta boʻshatiladi. Yoz davomida bachki shoxchalar 1 — 2-marta yulib tashlanadi, payvandi gul 15 — 20 sm oʻsgach, uning boʻyiga choʻzilishiga va muddatidan oldin gullashiga yoʻl qoʻyilmaydi. Buning uchun payvandi gulning uchi kesilib, vaqt-vaqti bilan yon shoxlari qisqartib turiladi. Atirgulni maxsus oʻsishni faollashtiruvchi moddalar bilan ishlov berib qalamchalardan ham koʻpaytirish mumkin. Atirgul koʻchatlari gulzorlarga kuzda va bahorda oʻtqaziladi. Gulzor tuprogʻi oldindan 30 — 35 sm chuqurlikda yumshatiladi, 1 m2 yerga 5 — 10 kg gung solinadi. Koʻchat 70 x 70 sm oraliqda oʻtqaziladi. Koʻchat oʻtqaziladigan chuqoʻrning kengligi 30—40 sm, chuqurligi 40 — 50 sm qilinadi. Yoz davomida gulzor 20-martagacha sugʻoriladi, 6-martagacha chopiladi, 2-marta (1m2 yerga 30 g selitra va 45 g ammoniy sulfat hisobidan) oziqlantiriladi, unshudring kasalligiga qarshi oltingugurt kukuni bilan dorilanadi, begona oʻtlardan xoli tutiladi. Kech kuzda novdalar 1 — 2 kurtak qoddirib kesiladi. Baʼzi navlarning gulbarglaridan gulqand, murabbo qilinadi. Oʻzbekiston sharoitida Atirgul ochiq yerlarda apr. dan no-yabrning oxirigacha ochilib turadi, issiqxonalarda yil boʻyi gul olish mumkin. Fransiya, Bolgariya, Turkiya, Italiya va b. mamlakatlarda ayrim turlari (damashq, fransuz va b.) navlaridan qimmatbaho efir moyi olinadi.

Lutfulla Abdurahmonov.