ASTROFOTOGRAFIYA

ASTROFOTOGRAFIYA (ostro… va fotografiya) — astronomik kuzatuvlar usuli; osmon yoritqichlarini fotografik yoʻl bilan suratga olishga asoslangan. Astrofotografiya kosmik jismlarning nisbiy koordinatalari va harakatlarini aniqlash, parallakat oʻlchash, Quyoshning toʻla tutilishi paytlarida Eynshteyn effektii» kuzatish va b. qator masalalar bilan shugʻullanadi, astrofizika, yulduz astronomiyasi va osmon mexanikasiga oid zarur maʼlumotlarni beradi. Teleskop yordamida koʻzga koʻrinmaydigan juda xira kosmik jismlarni ham fotografik yoʻl b-n suratga olish mumkin. Ultrabinafsha va infraqizil nurlarga juda sezgir fotoemulsiya ixtiro qilinganidan keyin Koinotni oʻrganishga keng yoʻl ochildi. Bir vaqtning oʻzida bir qancha kosmik jismlar yoki obyektning toʻla tasvirini olish fotografik kuzatish usulining muhim xususiyatlaridan biridir. Fotosurat olingandan keyin uni sinchiklab oʻrganib, yulduzlar xaritasi va katalogi, Quyosh, Oy, sayyoralar, kometalar, tumanliklar, galaktikalar va b. kosmik jismlar haqida yangi-yangi maʼlumotlar olinadi. Fotografiya, dastlab, Quyosh va Oyning suratini olishda ishlatildi. Quruq fotoemulsiya paydo boʻlganidan soʻnggina yulduz va tumanliklarning fotosuratini olish imkoniyati tugʻildi. 1891-y. da fotografik usul bilan birinchi kichik sayyora ochildi.

Kometa va asteroidlarning deyarli hammasi Astrofotografiya usuli bilan kashf qilinadi. Fotografik usulning astrofizikada qoʻllanishi muhim maʼlumotlarni olishga va uning keskin rivojlanishiga imkon berdi. Yulduz qanchalik ravshan boʻlsa, fototasvirning diametri shunchalik katta va qoramtir boʻladi. Fotografiyaning bu xususiyati tu-fayli fotometriya paydo boʻldi (q. Astrofotometriya).