ASTRAXANIT

ASTRAXANIT (Astraxon sh. nomidan) — mineral, natriy bilan magniyning suvli sulfati. Qattiqligi 2—3. S. ogʻ. 2,3. Monoklin singoniyali. Kam uchraydigan kristallari ustunsimon yoki izotermik shaklda. Odatda zich massa holida uchraydi. Rangsiz yoki oqish. Shishaga oʻxshash yaltiroq. 45—60° t-rada tuzli eritmalarda hosil boʻladi. Koʻpincha koʻllarda uchraydi, taʼmi shoʻr-taxir. Markaziy Osiyoda A. Qora-boʻgʻozgoʻl qoʻltigʻi, Quvli, Dengizkoʻl va Qoraumbet koʻllari yotqiziqlarida koʻp miqdorda topilgan.