ASKANIYA QOʻY ZOTI

ASKANIYA QOʻY ZOTI — mayin tolali, juni va goʻshti uchun boqiladigan zot. Bu zotni 1925 — 34 y. larda Ukraina chorvachilik i. t. instituti (Xerson viloyatidagi «Askaniya-Nova» xoʻjaligi)da akad. M. F. Ivanov Ukraina mahalliy merinos qoʻylarini tanlab borish va Amerikaning rambulye qoʻchqorlari bilan chatishtirish orqali yetishtirgan. Askaniya qoʻy zoti mayin junli qoʻylar ichida oʻzining yirikligi b-n ajralib turadi, quruq iqlimga yaxshi moslashadi, jun va goʻsht mahsuldorligi yuqori. Qoʻchqorlarining tirik vazni 120 — 140 kg, sovliqlariniki 60 — 70 kg. Mayin, ingichka jun qoplamiga ega.

Qoʻchqorlaridan 12 — 15 kg gacha, sovliqlaridan 6 — 6,5 kg jun olinadi (1 sm2 terida 4900 dona jun tolasi bor ), jun kokili uz. 7,5 — 8 sm, toza jun chiqimi 40-50%. 100 qoʻydan 150 gacha qoʻzi olish mumkin, oddiy sharoitda 125 — 130 qoʻzi olinadi. Askaniya qoʻy zoti ishtirokida Kavkaz, ozarbayjon, Krasnoyarsk merinoslari yaratilgan. Oʻzbekistonda 50-y. larda mahalliy jaydari qoʻylarning juni sifatini yaxshilash maqsadlarida Askaniya qoʻy zoti qoʻchqorlaridan foydalanilgan va yaxshi natijalar olingan. Oʻzbekistonning Jizzax va Toshkent viloyatlari xoʻjaliklarida tarqalgan.