ASALARI KASALLIKLARI

ASALARI KASALLIKLARI — asalarilarda uchraydigan kasalliklar. Asosan infeksion, invazion (yuqumli) va yuqumsiz kasalliklarga boʻlinadi. Infeksion kasalliklardan Amerika chirish kasalligi (gʻumbakda) va Yevropa chirish kasalligi (lichinkalarda) koʻp uchraydi. Romlardagi kataklarga qoʻyilgan urugʻlar chirib ketishi bilan ku-zatiladi. Kasallikni zamburugʻlar qoʻzgʻatadi. Davolash va kurash choralari: uyadagi zararlangan romlar dezinfeksiya qilinadi, shifobaxsh qiyom (2 kg shakar, 1 l suv)ga penitsilin, norsulfazol, streptomitsin kabi antibiotiklardan biri (1l qiyomga 1 g hisobida) qoʻshib beriladi. Yuqumli kasalliklardan nozematoz kasalligi asalarilarning oʻrta ichaklarini zararlab, kuchli ich ketish bilan kuzatiladi. Nozema apis zamburugʻlari sporalari qoʻzgʻatadi. Kasallangan arilar romlarda emas, uya devorlariga yopishib turadi. Davolash: shifobaxsh qiyom (2 kg shakar, 1 l suv)ga fumaglin (1 l ga 50 — 100 g) qoʻshib beriladi. Davolash 5 — 7 kun oraliq bilan 2 — 3-marta takrorlanadi.

Yuqumli kasalliklardan yana biri kanalar qoʻzgʻatadigan varroatoz kasalligidir. Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan. Kanalar asalarilarning choti, qanoti osti va qorin qismlarida parazitlik qiladi. Kurash choralari: asalari romlari ostiga vazelin surilgan tunuka qoplama qoʻyiladi. Fenotiazin preparati tutatilib, uya 30 — 40 min. dimlanadi (tutun taʼsirida kanalar vazelin surtilgan tunuka qoplamaga toʻkilib, yopishib qoladi). Uya ochilib shamollatiladi va kanalar yigʻib olinib kuydiriladi.

Yuqumsiz kasalliklardan zaharli va zararli oʻsimliklardan olingan nektar, gulchang, shuningdek turli kimyoviy moddalardan zaharlanish koʻproq uchraydi. Davolash: kasallik belgilari aniqlanishi bilan kechqurun asalarilarga iliq suv yoki 20% li shakar qiyomi beriladi. Asalarizorni boshqa joyga koʻchirish yaxshi natija beradi.

Ibrohim Joʻrayev.