ARAVASOZLIK

ARAVASOZLIK — arava yasash kasbi; duradgorlikning qadimdan keng tarqalgan tarmogʻi. Arava qattiq, pishiq yogʻochdan yasalgan. Aravasoz usta avvalo yogʻoch tanlagan. Oʻzbekistonda aravaning gʻildirak gardishi, gupchagi, oʻqi va gardish bilan gupchakni birlashtiruvchi yogʻochlar qayragʻochdan tayyorlangan, ayniqsa gupchak qayragʻochning chayir qismidan yasalgan, baʼzan arava oʻqi va shotisiga olma daraxti yogʻochidan foydalanilgan. Arava tanasi — shotisi va yuk qoʻyiladigan qismini hamma duradgorlar yasay olgan. Aravaning gupchagi, xususan gʻildiragini yasash ancha murakkab va qiyin ish boʻlib, u bir muncha malaka talab qilgan. Shahar va qishloklarda aravalar oʻrnini avtomobillar va traktorlar egallagach, Aravasozlikka ehtiyoj kamaydi.