ANTRE

ANTRE (frans. entree — kirish, sahnaga chiqish) — 1) Yevropada — oʻrta asrlarda maxsus kiyingan qahramonlarning musiqa, ashula va raqs joʻrligida ziyofat yoki bal kechalariga raqsga tushib kirishi; mehmonlarning tantanavor yurib zalga chiqishi;

2) 17 — 18-a. larda raqs va pantomima vositasida balet qismini namoyish qiluvchi bir yoki bir necha raqqos va raqqosalar guruhining chiqishi;

3) 19 — 20-a. baletida kengaytirilgan kirish qismi, raqqosa va raqqosning umumiy chiqishi. Bular maxsus intrada deb ataluvchi musiqa asarlariga zamin boʻlgan; 4) sirkda ilgari: masxarabozlarning manejda paydo boʻlishi; hrzir: masxaraboz yoki qiziqchilarning soʻzlashish yoki pantomima orqali bir-biriga tushuntirish sahnasi. Oʻzbek masxaraboz va qiziqchilari ijodida Antrega oʻxshash tomoshalar mavjud: Korfarmon bilan masxarabozlar dialogi («Qozi», «Sartarosh», «Shayton», «Oʻlik sotdi» va b.). Zamonaviy oʻzbek sirkida A. Yusupov, G. Zastavnikov, P. Borovikov, Papsik (P. Ulyanov) va b. ijodida Antre katta oʻrin tutgan.