ANOV MADANIYATI

ANOV MADANIYATI — Ashxobod yaqinidagi Anov qishlogʻi atrofida joylashgan ilk eneolit va soʻnggi jez davrlariga oid qad. dehqonchilik manzilgohlari va shahar xarobalari. Eneolit va jez davri manzilgohlari saqlanib qolgan shim. va jan. Anov tepaliklari ayniqsa dunyoga mashhur. Anov madaniyatini dastlab amerikalik geolog R. Pompelli va angliyalik arxeolog Shmidt tekshirgan. Anov madaniyati qatlamlaridan xom gʻishtdan qurilgan binolar qoldiqlari, turli mis buyum va zeb-ziynatlar, tosh yorgʻuchoqlar, sirtiga rang-barang naqshlar ishlangan sopol idishlar hamda jamiki borliqni vujudga keltiruvchi qudrat timsoli hisoblangan ayol haykalchalari topilgan. Arxeologik qazishlar va aerofotosuratlar eneolit davridayoq Oʻrta Osiyo hududida eng ilk sugʻorish inshootlari barpo boʻlganligini koʻrsatadi. Eneolitdan jez davriga oʻtish bosqichida sopol buyumlarga naqsh ishlash bilan birga inson va hayvonlar shaklini ham chizish keng tus olgan. Anov madaniyati yodgorliklarini boshqa mintaqa topilmalari bilan qiyosiy oʻrganilishi natijasida jez davrida, mil. av. 3—2 ming yillik oxirida Oʻrta Osiyo jan. da ilk shahar madaniyati, qad. Sharq tipidagi mahalliy madaniyat vujudga kelgan deb hisoblanadi.