ANZIRAT GOʻSHTXOʻR

ANZIRAT GOʻSHTXOʻR, tragakant (Tragacantha) — astragalning Astragalus piletacladus, A. dasyahthus, A. gummifera va b. turlaridan olinadigan rangsiz yoki sargish muguzsimon yelim; suvda boʻkadi. Qadimdan Sharq, jumladan, Oʻrta Osiyo tabobatida anzarut katiro nomi bilan koʻp kasalliklarni davolashda ishlatib kelingan. Tulkimashoq (tulki soka)ning A. dasyahthus turidan olinadigan yelim (Sharqda katiro nomi bilan mashhur) buyrak, yurak kasalliklari va gipertoniyani davolashda, shuningdek toʻqimachilik, koʻnchilik, qogʻoz i. ch., qandolat, boʻyoqchilik sanoatlarida qoʻllaniladi. Anzirat goʻshtxoʻr aqoqiyo va agar-agar oʻrnida ham ishlatiladi.