ANEROID (yun. a — inkor qoʻshimchasi — manfiy zarra, neros — suv) , metall barometr — atmosfera bosimini ulchash uchun ishlatiladigan asbob. Asosiy ish qismi ichidan havosi soʻrib olingan elastik xususiyatli yassi toʻgarak quticha, ustki va ostki yuzasi toʻlqinsimon qilib burmalangan. Havo bosimi oʻzgarganda quticha oʻz shaklini oʻzgartiradi (bosim oshganda quticha siqiladi, kamayganda kengayadi) va bu oʻzgarish richaglar tizimi yordamida shkalada harakatlanuvchi milga uzatiladi. Aneroid shkalasi simobli barometr yordamida darajalanadi. Mil koʻrsatishi boʻyicha shkala uzatmasidan tashqari t-ra va qoldiq deformatsiya uchun tuzatma kiritiladi. Har bir yangi Aneroidga tegishli tuzatmalar jadvali beriladi. Aneroid nisbiy asbob, uning aniqligi 1—2mbar. Aneroid meteorologiya st-yalarida ehgiyot barometr sifatida ishlatiladi.