ANEMIYA

ANEMIYA (yun. an — inkor qoʻshimchasi va haima — qon) , kamqonlik — qonda eritrotsitlar soni va gemoglobin miqdorining kamayishi, sifatining oʻzgarishi bilan kechadigan kasallik. A. ga qon yaratilish jarayonining buzilishi, toʻsatdan yoki surunkasiga qon yoʻqotish, qizil qon tanachalari (eritrotsitlar) ning koʻp parchalanishi, asosiy qon yaratuvchi toʻqima — koʻmikning oʻz funksiyasini yetarli bajara olmay qolishi sabab boʻlishi mumkin. Temir va vitamin V12 yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan Anemiya birmuncha keng tarqalgan. Oz-ozdan uzoq vaqt qon ketib turganda, mas, bavosir yoki meʼda va oʻn ikki barmoq ichak yarasi kasalligida ham koʻpincha Anemiya kuzatiladi. Hayz qoni uzoq va koʻp ketadigan ayollarda ham temir yetishmasligidan kelib chiqadigan Anemiya tez-tez uchrab turadi. Temir yetishmasligiga aloqador Anemiyaga bot-bot homilador boʻlish, uzoq vaqt bola emizish sabab boʻladi, chunki homiladorlik va emizuklik davrida ona organizmidagi temir zaxirasining bir qismi bolaga oʻtadi. Kichik yoshdagi bolalarda kuzatiladigan kamqonlik ularni notoʻgʻri ovqatlantirish, shuningdek ovqatning kam-koʻst boʻlishi oqibatida roʻy beradi. Eritrotsitlar soni sal kamaygani yoki raso boʻlgani holda, qonda gemoglobin miqdorining ozayishi temir yetishmasligiga aloqador Aning asosiy belgilaridandir. Bemorning rangi siniqqan boʻlib, aksariyat tez charchash, bosh ogʻrishi, bosh aylanishi, koʻz oldi jivirlashishidan shikoyat qiladi, soch toʻkiladi, tirnoq moʻrtlashib sinishga moyil boʻlib qoladi. Baʼzan yutinish qiyinlashadi, bemorning odatda isteʼmol qilinmaydigan narsalar (boʻr, ohak, gilvata va h. k.)ni yegisi keladi, achchiq, shoʻr taomlarni xush koʻradi. Temir yetishmasligiga aloqador Anemiyaning oldini olish va davolashda qon yoʻqotish ehtimoli boʻlgan manbalarni oʻz vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish, homilador boʻlish va tugʻishni maʼlum darajada rejalashtirishga erishish, bekamu koʻst ovqatlanishga rioya qilish lozim.

Vitamin V12 yoki folat kislota yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan Anemiya ancha kam uchraydi. Anemiyaning bu xilida oʻziga xos alomatlar: til achishishi, kasallik oʻtkazib yuborilganda nerv sistemasining zararlanish (funikulyar miyeloz) belgilari kuzatiladi. Bu xil Anemiyaning oldini olish uchun meʼda-ichak yoʻlining surunkali kasalliklari, ayniqsa ich ketishi bilan oʻtadigan kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlab davolash juda muhim. Gijja tarqalgan joylarda ulardan zararlanishning oldini olish choralarini koʻrish zarur, kasallik paydo boʻlganda esa oʻz vaqnida davo qilish lozim. Eritrotsitlarning koʻplab yemirilishi bilan bogʻliq gemolitik Anemiya xillari koʻp. Ular irsiy yoki orttirilgan boʻlishi mumkin, odatda teri hamda shilliq qavatning sargʻayishi, eritrotsitlar soni va gemoglobin miqdorining kamayishi bilan kechadi. Barcha xil Anemiyada vrachga murojaat etish va oʻz vaqtida toʻgʻri davolanish zarur.

Ad.: Petrov V. N., Baxramov S. M., Farmankulov X. K., Jelezodefitsitnыye anemii, T., 1995.

Saidjalol Bahromov.