ANEVRIZMA (yun. aneurysma — kengayish) — tomir devorining choʻzilishi va boʻrtib chiqishi natijasida qon tomir yoki yurak boʻshligʻining chegaralangan kengayishi. Miokard infarkti, ateroskleroz, zaxm va b. kasalliklar, shuningdek shikastlanish (travmatik Anevrizma) sabab boʻladi. Haqiqiy va soxta Anevrizma kuzatiladi. Haqiqiy Anevrizma arteriya devorining shikastlanmay kengayishidan, soxta Anevrizma esa tomir shikastlanganda devori yorilib, atrofdagi toʻqimalarga qon quyilishidan vujudga keladi. Tomir devorining tugʻma nuqsonlari ham Anevrizmaga olib kelishi mumkin. Arterial, venoz va arteriovenoz (arteriya va vena tomirlari teshigining bir-biriga tutashib qolishi) Anevrizma farq qilinadi. Duksimon va qopchiqsimon shakldagi Anevrizma koʻp uchraydi. Belgilari A. ning oʻrni, hajmi va b. omillarga bogʻliq. Koʻpincha kasallik belgilari yaqqol koʻrinmaydi (simptomsiz kechadi). Anevrizma zararlangan tomir oziqlantiradigan toʻqimalarning qon bilan taʼminlanishi buzilishiga sabab boʻladi, u kattalashib ketganda yaqin joylashgan aʼzo va toʻqimalarni ezib qoʻyishi mumkin. Anevrizma yurakka yaqin joylashgan boʻlsa, yurak faoliyati buziladi. Baʼzan A. ning yorilishi va qon ketishi kuzatiladi. Anevrizma odatda jarroqlik usuli bilan davolanadi.