ANDROMEDA TUMANLIGI — bizga eng yaqin spiral galaktika M 31 ning nomi. Galaktikamiz bilan turdosh, lekin ikkisi ham bir xil spiral sinfga kirishi toʻla hal etilmagan. Andromeda tumanligi oʻlchamlari va tuzilishi u qaysi diapazonda kuzatilganiga keskin bogʻliq. Optik diapazondagisi diametri 74 kpk. Massasi Galaktikamiz massasidan deyarli 1,5-marta katta. Mutlaq kattaligi — 22. Kosmik teleskoplar yordamida unda 100 ga yaqin rentgen manbalar borligi topilgan. Ularning koʻpchiligi Andromeda tumanligining yadro va tekislik tashkil etuvchi qismidan oʻrin olgan. Uning tarkibida kamida 30000 ta planetar tumanliklar, 400 ta sharsimon toʻdalar, mingga yaqin tarqoq yulduz toʻdalari boʻlib, bugun qator gaz — chang bulutlari, yulduzlarning tugʻilish oʻchoqlari, «yangi yulduzlar», sefeidlar kuzatilmoqda. Andromeda tumanligi yaqinida 7 ta uning yoʻldosh — galaktikalari aniq topilgan. Ular asosan elliptik va turli mitti galaktikalardir. Andromeda tumanligi, bizning Galaktika va ular atrofida yana 30 ga yaqin galaktikalar fizik va dinamik bogʻlangan mahalliy guruhni tashkil etadi. Andromeda tumanligi haqida birinchi bor arab falakiyotshunosi Al-Soʻfi (9-a.) yozib oʻtgan, chunki u oddiy koʻzga ravshan kichik bulut tarzida koʻrinadi.