ANDORRA (ispancha Andorra, frans. Andorre) , Andorra knyazligi — Yevropaning jan.-gʻarbidagi davlat. Pireney ya. o. da, Fransiya bilan Ispaniya oraligʻida joylashgan. Mayd. 465 km2, aholisi 64,5 ming kishi (1996). Poytaxti — Andorrala-Velya sh. Rasmiy tili — katalon tili; maʼmuriy jihatdan 7 jamoaga boʻlingan. Dindorlar — katoliklar. Andorra — mustaqil suveren davlat. Fransiya qiroli Karl davridayoq mustaqillikka erishgan. Oʻsha paytdan to birinchi konstitutsiya qabul kilinguncha Andorra 1278-y. shartnomasida belgilanganidek, Fransiya va Seo-de-Urxel sh. (Ispaniya) yepiskopining ikki yoqlama protektoratida (izmida) boʻldi. 1993-y. 14-martdagi umumxalq ovoz berishi natijasida maʼqullangan mamlakat birinchi konstitutsiyasiga binoan Andorra «parlamentli knyazlik» xisoblanadi, unda «xalq suvereniteti tamoyili» qaror topdi, sobiq hukmdorlar — Fransiya prezidenti bilan Seo-de-Ur-xel yepiskopiga aniq vakolatli «konstitutsion davlat boshliqlari» martabasi, jumladan, ularga ichki xavfsizlik va mudofaa, hududiy va chegara huhuqlari, yuridik sohalarda hamkorlik qilishga oid xalqaro shartnomalarni tayyorlashda qatnashish huquqi berildi. Konun chiqaruvchi oliy organ — Bosh kengash — 28 deputatdan iborat bir palatali parlament. Ijroiya hokimiyat oliy organi — Ijroiya kengash (hukumat). A. Pireneyning jan. yon bagʻrida, Valira daryosi (Ebro havzasi) va uning irmoqlari vodiysida joylashgan. Muzliklardan hosil boʻlgan koʻllar bor. Iqlimi subtropik, yiliga 1000—2000 mm yogʻin yogʻadi. Togʻlari dub, buk va archapixta oʻrmonlari bilan qoplangan, baland alp va alp oʻtloqlari bor.
Andorra xoʻjaligining asosiy tarmoqlari — qoʻychilik va dehqonchilik. Arpa, javdar, kartoshka, sabzavot, uzum, tamaki yetishtiriladi. Oziq-ovqat sanoatining kichikroq korxonalari, GESlar, xunarmandchilik ustaxonalari bor. Chet el turizmi katta daromad keltiradi. Har yili mamlakatga 13 mln. ga yaqin sayyoh kelib ketadi. Andorradan chetga jun, pista koʻmir chiqariladi, chetdan oziq-ovqat va sanoat mollari keltiriladi. Aholi jon boshiga ichki yalpi mahsulot 15 ming AQSH dollariga toʻgʻri keladi. Maktab taʼlimi — fransuz yoki ispancha tizimda. «Diari dʻAndorra» — katalon tilidagi kundalik gaz., 1991-y. da asos solingan. «Poble Andorra» («Andorra xalqi») — katalon tilidagi haftanoma, 1974-y. da asos solingan. «Andorra radiosi» 1984-y. dan buyon ishlaydi. «Antenna-7» deb nomlangan xususiy telekompaniya ham mavjud. Muzey, kutubxona, qad. hujjatlar arxivi, arab (8—10-a. lar) va roman (12 — 16-a. lar) meʼmorligi obidalari bor. Muomalada — fransuz franki va is-pan peseti.