«ANDIJONNOMA» — Andijon viloyati hokimligining ijtimoiy-siyosiy gaz. Andijon sh. da oʻzbek tilida haftada 2-marta chiqadi. Dastlab «Kizil qoʻshchi va dehqon» nomi bilan (1921-y. 30-maydan), keyinchalik turli nomlarda («Darxon», «Paxta fronti»; 1938—91 y. larda «Kommunist») nashr qilingan. 1992-y. dan hoz. nomda. Gaz. da turli davrlarda Choʻlpon, Asqad Muxtor, Sayda Zunnunova, Olimjon Xoldor kabi yozuvchilar, taniqli tarjimon Rustam Abdurahmonov faoliyat koʻrsatgan. Turli yillarda tahririyatda mehnat qilgan Gʻulomjon Zaynobitdinov, Obloqul Egamov, Karimjon Yoʻldoshev, Yusufjon Gʻiyosov, Sobirjon Shoka-rimov, Muhammadjon Abdukarimov, Muqimjon Niyozov, Mahmudjon Norxoʻjayev, Rahbarxon Fayziboyeva, Toʻlqinboy Satimov, Abdumutal Abdullayev, Zahriddin Muhitdinov, Foziljon Siddiqov, Maxpiratxon Tojixalilovalar Respublikada xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist faxriy unvonlariga sazovor boʻlishgan. Gazeta tah-ririyati tashabbusi bilan 1970-y. larda tashkil etilgan ishchi va qishloq muxbirlari maktabini 2000-y. ga qadar 1000 dan ziyod tinglovchi bitirdi.
«Andijonnoma» Andijon viloyatining oynasi sifatida bu yerda boʻlayotgan yirik qurilishlarning borishi haqida batafsil maqolalar yoritgan. Jumladan, Andijon suv ombori qurilishi, Katta Fargʻona kanali qurilishi, toʻqimachilik va yengil sanoat qurilishlari, «Anteks» hamda boshqa qoʻshma korxonalar qurilishlari doimiy ravishda gazetaning diqqat markazida turgan. 2000-y. 31-mayda «Andijonnoma» va «Andijanskaya pravda» gaz. lari birlashgan taxririyati tashkil etildi. Tahririyatda iqtisodiyot, agrosanoat, xatlar va ommaviy ishlar, ijtimoiy masalalar va maʼnaviyat hamda sport boʻlimlari ishlab turibdi. Oʻzbek tilidagi gaz. ning adadi 4 mingdan ortiq (2000).