ANDIJON TIBBIYOT INSTITUTI

ANDIJON TIBBIYOT INSTITUTI — umumiy amaliyot vrachi va vrachpediatrlar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurti. 1955-y. da tashkil etilgan. In-tda davolash, pediatriya va vrachlar malakasini oshirish f-tlari, 55 kafedra, oliy malakali hamshiralar tayyorlash boʻlimi, tayyorlov boʻlimi, litsey-internat, aspirantura va doktorantura, markaziy i. t. laboratoriyasi, klinik lab. lar, oʻquv muzeylari, kutubxonalar (332 ming dan ziyod asar) mavjud. In-tda 2150 talaba oʻqiydi; 375 oʻqituvchi (49 fan d-ri, prof., 184 fan nomzodi, dotsent) dars beradi; 4 Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (I. Yu. Ibodov, H. Q. Salohiddinov, G. F. Korotko, SYU. Tursunov) faoliyat koʻrsatadi. In-t tashkil topgandan buyon 22569 oliy maʼlumotli vrach, 107 fan d-ri, 502 fan nomzodi tayyorlandi, 8800 oliy maʼlumotli vrach malakasini oshirdi (2000).

In-t qoshida 1971-y. da prof. Yu. O. Otabekov nomidagi klinik kasalxona (746 oʻrinli) tashkil etilgan. Kasalxonada zamonaviy diagnostik va tib-biy apparaturalar bilan jihozlangan 41 ta boʻlimda 1062 malakali mutaxassis va xodim mehnat qiladi (2000). Texnik axborot bilan taʼminlash boʻlimida oʻquvmetodik qoʻllanmalar, ilmiy va maʼruza matnlari toʻplamlari chop etiladi. In-t «Tibbiyot gulshani» gaz. nashriga ega. In-t negizida respublika limfologiya va vertebrologiya ilmiy markazlari, ichki kasalliklar boʻyicha ixtisoslashgan kengash tashkil etilgan. In-t 2000-y. da yangi binoga koʻchib oʻtdi.