ANDIJON JOME MASJIDI MAJMUASI

ANDIJON JOME MASJIDI MAJMUASI — meʼmoriy yodgorlik (19 – a. oxiri). Masjid, Madrasa va minoradan iborat. Madrasa bosh tarzi sharqqa qaratib qurilgan. Tarzining oʻrtasida peshtoq qad koʻtargan. Uning ikki yonida bezakdor minora bor. Burchaklarida gumbazli darsxonalar, ularning oʻrtasida ikki qavatli hujralar joylashgan. Birinchi qavatning tekis devorlarida toʻrt burchakli darchalarga panjaralar ishlangan. Ikkinchi qavatdagi hujralarning mehrobiy ravoqlari bosh tarziga koʻrkamlik baxsh etadi. Masjid majmuaning gʻarbiy qismida joylashgan. Uning tarhi toʻgʻri burchakli xonaqoh va uch tomoni qator ustunli, shifti bezakdor ayvondan iborat.

Minora (bal. 32 m) hovlida joylashgan. Asosi sakkiz qirrali, yozma naqdshi turunjlar va koshin bilan pardozlangan. Jomega beshta (jan. da bitta, shim. va sharqdan ikkitadan) darvoza orqali kirilgan. Andijon jome masjidi majmuasi qurilishida Isaxon, Yu. Musayev va b. ustalar qatnashgan. 1902-y. gi zilzilada shikastlangan. Binolar 1971 – 74; 1999-2000-y. larda taʼmirlangan.