ANGREN SURATLAR GALEREYASI

ANGREN SURATLAR GALEREYASI, V I. Ufimsev nomida — rassom V. Ufimsev tashabbusi va uning shaharga sovgʻa qilgan 50 asari asosida tashkil qilingan muassasa. 1964-y. 31 okt. da ochilgan. V. Ufimsev asarlari uchun maxsus xonalar ajratilgan; keyingi yillarda toʻplangan 70 dan ortiq rassomning 1000 dan ziyod asari uchun yangi xonalar ajratilib kengaytirilgan. Angren kulolchilik z-dining badiiy buyumlari, turli mahsulotlari ham alohida xonaga qoʻyilgan. Rassom vafoti (1964) dan keyin uning rafiqasi G. V. Ufimseva galereyaga ijodkorning barcha mujassamot, qoralama (etyud), chizgilari (jami 624 asar), rassomning shaxsiy buyumlari, hujjat, maktub, fotosuratlarini ham topshirgan. 1986-y. dan galereya qoshida tasviriy sanʼat studiyasi ishlaydi. Unda havaskor rassom — ishchiyoshlar rassomlik (rang-tasvir, grafika), haykaltaroshlik sirlarini oʻrganadilar.