ANGOR ECHKISI — echkining qimmatli serjun zoti. Angor echkisining vatani Turkmanistonning gʻarbi. Turkmanlarning bir qismi 13-a. da bu yerdan Kichik Osiyoga koʻchib borgan va natijada hoz. Turkiyaning Angora (Anqara) viloyati Angor echkisini urchitish markaziga aylangan. Bu zotning Angor echkisi deb atalishi ham shundan kelib chiqqan. 19 – a. dan AQSH, Afrikadagi ayrim mamlakatlar, Avstraliyada boqiladi. Angor echkisining juni mayin, oq, tovlanuvchan, gʻoyat egiluvchan va pishiq (uz. 18 — 25 sm). Takalari oʻrta hisobda 50 — 55 kg keladi, yiliga 5 — 7 kg jun beradi, urgʻochilari 32 — 36 kg ga boradi, 3,1 kg jun beradi. 65 — 70% toza jun chiqadi. Har yuz bosh A. e. dan yiliga 105 uloq olinadi. Sogʻin echkidan 70 — 100 kg sut sogʻib olish mumkin, yogʻlik darajasi 4,2 — 4,4%. Oʻzbekiston (Pop tumani)ga 1936-y. da AKSHning Texas va Nyu-Meksika shtatlaridan keltirilgan Angor echkisini jaydari echkilar bilan chatishtirib serjun echki zoti yaratildi (1962). Angor echkisi Oʻzbekistonda, asosan Namangan, Andijon viloyatlarida boqiladi.