ANGLIYA BANKI

ANGLIYA BANKI (Bank of England) — Buyuk Britaniyaning davlat markaziy emissiya banki. 1694-y. da xususiy aksiyadorlik banki tarzida tashkil topgan. Dastlab eng yirik bankirlar uylari kapitalini markazlashtirdi, keyinchalik mamlakatning asosiy moliyaviy markaziga, davlatdagi banklarning bankiga aylandi. 1 – jahon urushi (1914 — 18) ga qadar Angliya banki banknotlarini oltinga almashtirish mumkin edi. 1946-y. da leyboristlar hukumati Angliya banki6. ni natsionalizatsiya qildi, aksiya egalariga yiliga 12% daromad keltiradigan hukumat qimmatbaho qogʻozlari bilan tovon toʻlandi (dividendlar bergan daromad darajasida).

Angliya banki parlament belgilaydigan doirada pul emissiyasi bilan shugʻullanadi, hukumatni moliyalaydi, davlat byudjetining kassa ijrosini amalga oshiradi, mamlakatdagi va muxbir aʼzolik aloqalari boʻlgan koʻpgina xorijiy banklarning zaxiralarini asraydi, mamlakat banklari uchun hisob-kitob markazi; valyuta nazoratini olib boradi, banklarning kredit faoliyatini nazorat qiladi, foiz stavkalarini oʻzgartirish orqali pul bozorini tartibga soladi. Angliya banki boshqaruvchisi va direktorini hukumat tayinlaydi. 8 boʻlimi bor.