ANGLIYA — Buyuk Britaniyaning maʼmuriy-siyosiy qismi, uning tarixiy oʻzagi. Buyuk Britaniya o. ning jan. va oʻrta hududida joylashgan. Germaniyada yashagan va 5 — 6 – a. larda Yevropa qitʼasidan orolga koʻchib borgan angllar qabilasidan Angliya nomi kelib chiqqan. Keng maʼnoda koʻpincha Buyuk Britaniya va Shim. Irlandiya Qoʻshma qirolligini Angliya deb ataydilar. Mayd. 131 ming km2, aholisi — 50 mln. kishiga yaqin (1999). Buyuk Britaniya butun mayd. ning 54% va aholisining 80% dan koʻprogʻi. Angliya 39 graflik, 6 metropoliya grafligi va katta Londonga boʻlinadi. Londonning alohida boshqaruv tizimi bor: uning 28 okrugidan har birida kengash mavjud. Londondagi ijroiya hokimiyatini lordmer amalga oshiradi. Angliya — iqtisodiy jihatdan Buyuk Britaniyaning eng rivojlangan boʻlagi. Mamlakatning anʼanaviy sanoat tarmoqlari: konchilik (toshkoʻmir, temir ruda), kora metallurgiya, metallsozlik, kimyo, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati asosiy markazlari shu yerda joylashgan. Mashinasozlik (avtomobilsozlik, aviasozlik, stanoksozlik, asbobsozlik), elektr va radiotexnika, atom sanoati ham yaxshigina rivojlangan. Angliyada mamlakatning eng katta sanoat markazlari: London, Birmingem, Liverpul va b. joylashgan. Buyuk Britaniya jami ekinzorlarining salkam 70% A. ga toʻgʻri keladi. U sut chorvachiligi, sabzavotchilik va bogʻdorchilikning asosiy maskani hamdir. Angliyada transport tarmogʻi qalin, uning portlari (London, Liverpul, Sautxempton va b.) orqali mamlakat yuk aylanmasining 80% dan koʻprogʻi oʻtadi. Yana q. Buyuk Britaniya.