ANVAR POSHO

ANVAR POSHO (1881.14.6, Istanbul — 1922.4.8, Boljuvon) — Yosh turklar inqilobining faol ishtirokchisi, «Ittihod va taraqqiy» partiyasi rahbarlaridan biri. 1903-y. da Istanbul Bosh shtab akademiyasini bitirgan. 1909—11 y. larda Berlinda harbiy attashe. Turkiya, Makedoniya, Kavkaz, Germaniya, Rossiya, Turkistondagi siyosiy jarayonlarda qatnashgan. 1908-y. Turkiyada davlat toʻntarishiga rahbarlik qilib, Sulton Abdulhamid II hokimiyatiga chek qoʻydi, Turkiyaning chet davlatlar tomonidan boʻlib tashlanishiga barham berdi. 1913-y. yanv. da «Hurriyat va ittihod» partiyasini hukumatdan chetlatdi. Talʼat posho hamda Jamol posho bilan birga norasmiy uchlik tuzdi, butun hokimiyatni oʻz qoʻliga oldi. Turkiyaning Germaniya b-n harbiy ittifoq tuzishi va 1-jahon urushiga qoʻshilishi tashabbuskori boʻldi, bosh qoʻmondon — sultonning noibi sifatida urushda turk qoʻshinlariga qoʻmondonlik qildi. Turkiya urushda yengilgach, Anvar posho avval Germaniya, Rossiyaga va nihoyat 1921-y. kuzida Buxoroga keldi va Turkiston istiqlolchilari tarafiga oʻtganini eʼlon etdi. Bolsheviklarga qarshi kurashga qoʻshilgan Anvar posho 1922-y.4 avg. kuni kichik bir guruh bilan Boljuvonga kirib kelgan qizil qoʻshinga qarshi hujum vaqtida shahid boʻldi.

Naim Norqulov, Qahramon Rajabov.