ANAFILAKSIYA

ANAFILAKSIYA (yun. anaphylaxia — himoyasizlik) — organizmga parenteral yoʻl orqali yuborilgan antigenga nisbatan sezuvchanlikning ortishi bilan ifodalanadigan allergik reaksiya. Umumiy yoki mahalliy reaksiya (mas, terida) koʻrinishida namoyon boʻladi. Yaqqol koʻrinib turgan umumiy reaksiya anafilaktik shok deyiladi. Anafilaktik shokning asosiy belgilari: nafas olish keskin qiyinlashadi va qon bosimi tushib ketadi, bemor hushidan ketishi mumkin. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishga toʻgʻri keladi. Anafilaksiyaning oldini olish uchun oʻz bilgicha dori ichmaslik kerak, aks holda organizm sezuvchanligi oshib ketishi mumkin, agar dori ichganda biror xil allergik reaksiya roʻy bersa, dori ichishni toʻxtatib, albatta vrachga uchrashish kerak.