ANADOLU (ANATOLIYA) YASSITOGʻLIGI

ANADOLU (ANATOLIYA) YASSITOGʻLIGI — Turkiyadagi yassitogʻlik. Kichik Osiyo togʻligining ichki qismi. Uz. (sharqdan gʻarbga) 700 km, eni (shim. dan jan. ga) 400 km. Shim. dan Pontiya, jan. dan Tavr togʻlari oʻrab turadi. Yassitogʻlik bir qancha tekislik hamda berk botiqlardan iborat, ularni togʻ tizmalari bir-biridan ajratib turadi. Koʻp qismining mutlaq bal. 800 — 1500 m. Eng baland yeri — Erjiyos soʻngan vulkani (3700 m). Dasht va chala choʻldan iborat. Iqlimi quruq subtropik, kontinental. Eng koʻp tarqalgan tabiiy oʻsimligi — tikanakli pastak yostiqsimon buta. Voha dehqonchiligi va chorvachilik rivojlangan.