ANABIOZ

ANABIOZ (yun. anabiosis — tiriltirish, hayotga qaytarish) — organizmning hayot jarayonlari (moddalar almashinuvi va b.) juda sekinlashgan, yaʼni uning tirikligi sezilmaydigan darajaga oʻtgan holati. Anabiozni birinchi marta 1701-y. da golland biologi Anabioz Levenguk hasharotlarda aniqlagan. Anabioz organizmlar rivojlanishining turli bosqichlarida yashash sharoitining keskin yomonlashishi (past harorat, qurgʻoqchilik) tufayli sodir boʻlishi mumkin. Anabioz evolyutsiya davomida organizmning noqulay tashqi muhit sharoitiga moslashuvidan iborat. Anabioz koʻpchilik organizmlarning rivojlanishi jarayonida normal holat hisoblanadi. Mac, bakteriyalar va zamburugʻlarning sporasi, oʻsimliklarning urugʻi, bir hujayrali hayvonlarning sistasi ancha uzoq muddat davomida tiriklik xususiyatini saqlab qolib, qulay sharoit tugʻilganida hayot faoliyatini qaytadan boshlaydi. Anabioz holatida umurtqasiz hayvonlar (gidralar, chuvalchanglar, mollyuskalar, hasharotlar) oʻz tanasidagi suvning 1/3, hatto 1/2 qismini yoʻqotadi. 0° dan past haroratda sut emizuvchilarning qishki uyqusi ham Anabiozga oʻxshab ketadi. Lekin Anabioz moddalar almashinuvining keskin pasayganligi bilan karaxtlik va qishki uyqudan farq qiladi. Anabioz hodisasidan tirik quruq vaksinalar tayyorlashda, toʻqima va organlarni konservatsiya qilishda keng foydalaniladi.