AMUR

AMUR — Sharqiy Osiyodagi daryo, Shilka va Argun daryolari qoʻshilishidan hosil boʻladi. Amur Amur limani va Saxalin qoʻltigʻi orqali Oxota dengiziga quyiladi. Uz. 2824 km, Argun irmogʻi boshidan esa 4440 km. Havzasining mayd. 1855 km2. A. yuqori oqimida baland togʻlar orasidan, oʻrta va quyi oqimida esa pasttekisliklardan oʻtadi. Amurga 10600 katta-kichik soy va 61400 ga yaqin koʻl qoʻshiladi. Amur asosan yozgi-kuzgi musson yomgʻirlaridan suv oladi. Yozgi musson yomgʻirlari davrida daryo toʻlib oqadi, baʼzan toshadi. Asosiy irmoqlari: Zeya, Bureya, Amgun (chapdan), Soʻngari, Ussuri (oʻngdan). Oʻrtacha suv sarfi Bogorodskoye qishlogʻida 10900 m3/sek (maksimali 40000 m3/sek, minimali 611 m3/sek). Amur noyab. boshidan may boshigacha muzlaydi. Eng katta suv toshqinlari 1897, 1928 va 1956-y. larda boʻlgan. Amur irmoqlari bilan Uzoq Sharkdagi eng katta transport magistrali hisoblanadi. Amurda kema qatnaydi. Amurda 100 ga yaqin baliq turi bor, ulardan 20 turi endemik. Asosiy ovlanadigan baliq turlari: amur osyotri, beluga, taymen, oq amur, sazan, laqqa baliq, olabugʻa va b.