AMUNDSEN

AMUNDSEN Rual (1872.16.7 – 1928) — norveg qutb sayyohi. Birinchi marta 1903 — 06 y. larda «Yoa» kemasida Shim.-gʻarbiy dengiz yoʻli orqali Grenlandiyadan Alyaskaga oʻtdi. Kanada Arktikasidagi King-Vilyam o. da ikki yil davomida muhim geomagnit kuzatishlar oʻtkazdi. Amundsen 1904-y. Butiya-Feliks ya. o. da Shim. magnit qutbini tekshirdi va shu atrofdagi 100 ga yaqin orollarni birinchi boʻlib xaritaga tushirdi. 1911-y. «Fram» kemasida Antarktikaga ekspeditsiya uyushtirdi. Oʻsha yili 14 dekda tarixda birinchi boʻlib (R. Skottdan bir oy oldin) Jan. qutbga yetib bordi va u yerdan qaytishda Qirolicha Mod togʻ tizmasini (bal. 4500 m) kashf etdi. Amundsen 1926-y. 12 — 13-mayda birinchi marta Arktika ustidan «Norvegiya» dirijablida Shpisbergen — Shim. qutb — Alyaska marshruta boʻyicha uchib oʻtdi. 1928-y. da Umberto Nobile ekspeditsiyasi halokatga uchragach, Amundsen ekspeditsiyachilarga yordam koʻrsatish uchun 18-iyunda gidrosamolyotda uchib borayotganda u ham Barens dengizida halokatga uchrab bedarak yoʻqolgan. Amundsen oʻz sayohatlari haqida bir necha asar yozgan. Amundsenning rus tilida: «Muz okeani ustidan uchib oʻtish» (L., 1927, L. Elsvort bilan birgalikda yozilgan), «Mod» kemasida Osiyoning shimoliy sohili boʻylab ekspeditsiya (1929), «Janubiy qutb» (1937), besh jildli asarlar toʻplami (L., 1936 — 39), «Mening hayotim» (M., 1959) va b. asarlari bosilib chiqqan. Antarktida yaqinidagi bir dengiz va Amerika qutb st-yasi (Amundsen — Skott) hamda togʻ tizmasi, qoʻltiq, suv osti soyligi (Shim. Muz okeanida) Amundsen nomiga qoʻyilgan.

Ad.: Dyakonov M., Amundsen, M., 1937; Yakovlev A., Rual Amundsen, M., 1948.