AMSTERDAM

AMSTERDAM — Niderlandiya poytaxti. Amstel daryosining quyilish yerida joylashgan. Amsterdam mamlakatning muhim iqtisodiy markazi, aholisi soniga koʻra eng katta shahri, yirik dengiz porti (yuk oboroti 20 mln. t. dan ortiq). Aholisi 724 ming kishi (1994; shahar atrofi b-n 1 mln. dan ziyod). Sxipxol aeroporti xalqaro ahamiyatga ega, yirik t. y. tuguni. Metropoliten qurilgan. Amsterdam «Shimoliy Venetsiya» degan nom bilan ham mashhur. Amstel daryosi va uning tarmoqlari hamda ularni tutashtirib turgan kanallar shaharni qismlarga boʻlib yuborgan. 400 dan ortiq koʻprik mavjud. Shaharning qad. uylari yirik qoziqlar ustiga qurilgan. Shahar yilnomalarda dastlab 1275-y. da tilga olingan. 17-a. da savdo va kredit berishning jahon ahamiyatiga molik markazi boʻlgan. 1795—1806-y. larda Bataviya Respublikasining, keyinroq Niderlandiya Qirolligining poytaxti.

Mashinasozlik (kemasozlik, samolyotsozlik, elektron asboblar), neftni qayta ishlash, poligrafiya, farmatsevtika, kimyo, oziq-ovqat, yogʻochsozlik sanoati korxonalari bor. Sanoatining koʻp tarmoqlari chetdan keltirilgan xom ashyo asosida ishlaydi. Amsterdam olmosga sayqal berish va olmos bilan savdo qilish sohasida yirik markaz sifatida qad. dan mashhur. Amsterdamda Fapbiy Yevropaning eng muhim moliya va bank muassasalari joylashgan, mam-lakat madaniyati va fanining asosiy markazi. Amsterdamda IX Olimpiada oʻyinlari boʻlib oʻtgan (1928). 2 un-t, FA, bir qancha ilmiy tadqiqot in-tlari, koʻpdan-koʻp tarixiy va meʼmoriy yodgorliklari, jumladan cherkov binolari (13—17-a. lar), oʻnlab muzey (Gollandiya tasviriy sanʼat maktabi asarlari toʻplangan Davlat rasmlar muzeyi, 1808), Rembrand uyi (1907-y. dan muzey), Dengiz muzeyi, tarix muzeyi mashhur.