AMICHI

AMICHI (Amici) Jovanni Battista (1786.25.3, Modena — 1863.10.4, Florensiya) — italiyalik botanik va optik. Protoplazma harakatini (xarasimon suv oʻtlari hujayrasida), barg ogʻizchalari tuzilishi va funksiyasini birinchi boʻlib tavsif etgan, chang naychasi va «murtak pufakchasi» (tuxumhujayra)ni kuzatib, chang naychasining urugʻlanishdagi ahamiyatini tushuntirib bergan. Amichi mikroskopii takomillashtirib, immersiya, yaʼni tekshirilayotgan narsa bilan mikroskop obyektivi oraligʻiga suyuqlik tomizish usulini ishlab chiqqan.