AMIR TEMUR

AMIR TEMUR, Temur, Temurbek (toʻliq ismi Amir Temur ibn Amir Taragʻoy ibn Amir Barqul) [1336.9.4, Kesh (hoz. Shahrisabz) sh. yaqinidagi Xoja Ilgʻor qishlogʻi (hoz. Yakkabogʻ tumani) — 1405.18.2, Oʻtror sh., Samarqandda dafn etilgan) — oʻrta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi.

Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi amir Taragʻoy esa barlos urugʻining oqsoqollaridan hamda Chigʻatoy ulusinish eʼtiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan. Shu bois Amir Temurning otasi amir Taragʻoy ham yilda bir marotaba Ili daryosi boʻyida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yigʻinlarda muttasil qatnashar edi. Shu bilan birga u, Sharafuddin Api Yazdiyning taʼkidlashiga koʻra, «ulamo va sulaho va muttaqiylargʻa mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…». Taragʻoybek piri Shamsuddin Kulolni ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik shayx Kulol Amir Temurning ham piri boʻlgan. Taragʻoybek 1360-y. da vafot etgan.

Amir Temurning yoshligi Keshda kechdi. Yetti yoshga toʻlgach, otasi uni oʻqishga berdi. Amir Temur yoshlik chogʻlaridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga oʻq uzish, boshqa turli mashq va harbiy oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir boʻlib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan ogʻir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson boʻlgan. Shu tufayli oʻspirinlik chogʻlaridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli doʻstlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi doʻstlari va maktabdoshlari (Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va b.) toʻplanishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, astasekin navkar boʻlishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy boʻlinma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qoʻshinida lashkarboshilik darajasigacha koʻtarilganlar.

Amir Temur oʻzining ilk harbiy faoliyatini qoʻl ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning oʻzaro kurashlarida qatnashib, jasorat koʻrsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dongʻi butun Kashkadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aqlu zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazagʻon bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi amir Taragʻoy Amir Temurni avval (1355) amir Joku barlosning qizi Nurmushk ogʻoga, soʻngra oʻsha yili (1355) Qazagʻonning nabirasi va amir Husaynning singlisi Oʻljoy Turkon ogoga uylantiradi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn oʻrtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurashadilar. Amir Temurning Movarounnahrni birlashtirish yoʻlidagi harakati 14-a. ning 60-y. lari boshlaridan boshlandi. 14-a. ning 50-y. lari oxirida Movarounnahrda amirlarning oʻzaro kurashi kuchayib, amir Qazagʻon oʻddirildi. Mamlakatda siyosiy parokandalik avjiga chiqib, ogʻir tanglik sodir boʻldi. Xondamirning «Habib ussiyar» kitobida keltirilgan maʼlumotlarga qaraganda, ulus oʻnga yaqin mustaqil bekliklarga boʻlinib ketgan. Samarqand viloyatida amir Bayon sulduz, Keshda amir Hoji barlos, Xoʻjandda amir Boyazid jaloir, Balxda Uljoy Bugʻa sulduz, Shibirgʻonda Muhammad I Xoja Aperdi nayman, Koʻhistonda Badaxshon shohi amir Sotilmish, Xuttalonda Kayxusrav, Hisori Shodmon hududida amir Husayn va amir Xizr Yasovuriylar oʻzlarini hokimi mutlaq deb eʼlon qiladilar.

Bu davrda Chigʻatoy ulusining sharqiy qismi — Yettisuv va Sharqiy Turkistonda hukmronlik qilayotgan moʻgʻul xonlari Movarounnahrdagi ogʻir siyosiy vaziyatdan foydalanib, bu yerda oʻz hokimiyatini oʻrnatishga harakat kiladilar. Jeta xonlaridan Tugʻluq Temur va uning vorisi Ilyosxoja 1360 — 61 va 1365-y. larda Movarounnahrga bir necha bor bostirib kiradilar. Moʻgʻul xonlarining boskinchilik yurishlari va zulmiga karshi xalq harakati boshlanadi. Biroq, Movarounnahr amirlari xalqqa bosh boʻlib, moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashga jurʼat eta olmaydilar. Ularning bir qismi dushman tarafiga oʻtadi, ikkinchi qismi esa el-yurtni tark etib, oʻzga mamlakatlardan boshpana izlaydilar. Amir Temurning amakisi, Kesh viloyatining hukmdori amir Hoji barlos Xurosonga qochadi. Mana shunday ogʻir pallada siyosat maydoniga Amir Temur kiradi. Moʻgʻullarga qarshi turish uchun kuchlar nisbati teng emasligini hisobga olgan 24 yoshli Amir Temur 1360-y. ning boshida Tugʻluq Temur tomonidan Keshga yuborilgan beklar bilan kelishadi. Sharoit taqozosi bilan xon xizmatiga oʻtib, uning yorligʻi bilan oʻz viloyatining dorugʻasn etib tayin qilinadi. Shubhasiz, bu noilojliqdan qoʻyilgan siyosiy hamda strategik qadam boʻlib, bu b-n A. T. moʻgʻullarning navbatdagi talontarojining oddini olgan, mamlakat va xalqni falokatdan qutqargan edi. Biroq, Movarounnaxrning hukmdori etib tayin qilingan Ilyosxoja va uning lashkarboshisi amir Bekkichik bilan Amir Temurning murosasi kelishmay qoladi. Shu sababdan 1361-y. ning oxirida u mamlakatni tark etishga majbur boʻladi.

Xivaning jan. da, Urganjiy dashtida A. T. Tugʻluq Temurning yana bir raqibi — qaynogʻasi amir Husayn bilan uchrashadi. Amir Temur moʻgʻullar bilan kurashish maqsadida u bilan birlashib, ikkovlon kuch toʻplashga kirishadi. Dastlab ular Tugʻluq Temurxonning farmoniga binoan Amir Temurni taʼqib qilishga kirishgan Xiva dorugʻasi Toʻqol (Tavakkal) bilan jang qiladilar. Soʻngra 1362-y. ning kuzida Seistonda viloyat hukmdori Malik Qutbiddinning tarafida turib mekroniylar bilan boʻlgan toʻqnashuvda Amir Temur oʻng kifti va oʻng oyogʻidan jarohatlandi.

Amir Temur va amir Husayn keyingi ikki yil davomida Ilyosxoja boshliq Jeta lashkari bilan bir necha marta jang qiladilar. Nihoyat, 1364-y. oxirida ular moʻgʻul qoʻshinlarini Movarounnahr hududidan quvib chiqarishga muvaffaq boʻladilar.

Biroq, Movarounnahrni qoʻldan chiqarishni istamagan Ilyosxoja 1365-y. ning bahorida yana Turkiston ustiga qoʻshin tortadi. Toshkent bilan Chinoz oraligʻida ikki oʻrtada sodir boʻlgan jang tarixda «Loy jangi» nomi bilan shuhrat topadi. Jangda amir Husaynning xiyonati oqibatida magʻlubiyatga uchraydilar va oʻz qoʻshinlari bilan Amudaryo boʻylariga chekinib, Balx viloyatida oʻrnashdilar. Ilyosxoja esa hech qanday qarshilikka uchramay Xoʻjand, Jizzax va b. bir qancha shahar hamda qishloklarni egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqand oʻsha paytlarda katta qoʻshinga qarshilik koʻrsata olmasdi. Shaharning na devori va na mustahkam istehkomlari, na qurollangan sipohiysi bor edi. Bek va amirlar shaharni tark etgan edi, lekin moʻgʻullarga qarshi xalq koʻta-riddi, sarbadorlar shahar mudofaasini oʻz qoʻllariga oddilar. Shahar mudofaachilariga Madrasa tolibi ilmlaridan Mavlonozoda Samarqandiy, jun (paxta) tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof va mergan mavlono Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar Samarqand sh. da moʻgʻullarga qaqshatqich zarba beradilar. Ilyosxoja dastlab Samarqandni, soʻngra butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur boʻladi. Sarbadorlarning moʻgʻullar ustidan qozongan gʻalabasi haqidagi xabar amir Husayn b-n A. T. ga ham borib yetgan. Amir Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo boʻyida oʻtkazib, 1366-y. bahorida Samarqandga yoʻl oldilar. Ular Konigita toʻxtab sarbadorlarning dushman ustidan qozongan gʻalabalaridan mamnun boʻlganliklarini va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Biroq, sarbadorlarning boshliqlari amirlar huzuriga kelganlarida amir Husayn buyrugʻi bilan Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof bilan mavlono Xurdak Buxoriylar dorga tortiladi. Mavlonozodani esa Amir Temur oʻz himoyasiga olib kutqarib qoladi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, Movarounnahrda amir Husaynning hukmronligi oʻrnatiladi, ammo koʻp vaqt oʻtmay Husayn bilan Amir Temur oʻrtasidagi munosabat keskinlashib, ochiqdan-ochiq nizoga aylanadi. Amir Temurning nufuzi ortib borayotganligidan xavfsiragan amir Husayn Balxga qaytib, uning qalʼa devorlari va istehkomlarini mustahkamlashga kirishadi. Balx, Qunduz va Badaxshondan koʻp sonli lashkar ham toʻplaydi. Kesh va Qarshi viloyatlariga bosh boʻlgan Amir Temur ham amir Husaynga qarshi hal qiluvchi jangga hozirlik koʻradi. 1366 — 70 y. lar oʻrtasida bir necha bor toʻqnashuvlar boʻlib oʻtadi.

14-a. ning 60-y. larida Movarounnahrda hukm surgan nihoyatda ogʻir siyosiy va iqtisodiy vaziyat mamlakatni birlashtirib, kuchli bir davlat tashkil etishni taqozo qilmoqda edi. Amir Husayndan koʻra A. T. zamonining bunday talabini yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham oʻz faoliyatining dastlabki bosqichida barcha harakatni Movarounnaxrda markazlashgan davlat tuzishga qaratadi. Bunday maqsadni amalga oshirishda u ruhoniylar, harbiylar, savdogarlar va shahar hunarmandlari tabaqalariga suyanadi. Amir Temur tarqoq mamlakatni birlashtirishga kirishar ekan, kurashni avvalo ichki gʻanimlaridan boshlaydi. 1370-y. bahorida Amir Temur amir Husaynga qarshi yoʻlga chiqadi. Qoʻshin Termiz yaqinidagi Biyo qishlogʻiga yetganda makkalik shariflardan Sayyid Baraka A. T. faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, unga oliy hokimiyat ramzi katta nogʻora — tabl bilan yalov — bayroq tortiq qiladi. Shubhasiz bu voqea katta siyosiy ahamiyatga ega edi. Chunki u saltanatlik ramzi edi. Amir Temur buni yaxshi tushunardi. Shuning uchun ham Balxga yetmasdan Oʻrpuz mavzeida u amir va noʻyonlari bilan kengash oʻtkazadi. Koʻpchilikning xohish va ixtiyori b-n, oʻsha davr qonun-qoidalariga koʻra, chingiziylar avlodidan boʻlgan Suyurgʻatmish oʻgʻlon Movarounnahr podsholigi taxtiga oʻtqazildi. Amir Temur qoʻshini to Balxga yetib borgunicha, unga yoʻl-yoʻlakay yangi-yangi kuchlar kelib qoʻshildi. Shu asnoda amir Husaynni koʻpchilik amirlari tark etdilar. Jangda amir Husayn qoʻshinlari yengildi, ikki kunlik qamaldan soʻng, 1370-y. ning 10 apr. da Balx sh. A. T. ga taslim boʻldi. Amir Husayn asir olinib, qatl etildi. Bu gʻalabadan soʻng A. T. Movarounnahrning chingiziylardan boʻlgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulk xonimni oʻz nikohiga oladi. Xon qiziga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur «koʻragon», yaʼni «xonning kuyovi» unvonini oldi.

1370-y. ning 11 apr. da Chigʻatoy ulusining barcha beklari, amirlari, viloyat va tumanlarning dorugʻalari hamda Termizning sayyidlari (xudovandzodalari), shuningdek Amir Temurning yoshlikdan birga boʻlgan quroldosh doʻstlari va piri Sayyid Barakaning ishtirokida oʻtkazilgan qurultoyda anʼanaga koʻra chingiziylardan Suyurgʻatmishxon mamlakat hukmdori deb eʼlon qilingan boʻlsada, amalda markaziy hokimiyatni Amir Temur oʻzi boshqardi, viloyatlardagi hokimiyatni oʻgʻillari, nabiralari va yaqin amirlari orqali idora qildi. Samarqand Amir Temur davlatining poytaxtiga aylantirilib, oʻsha yilning yozida shahar devori va qalʼasi tiklandi, saroy va qasrlar bino qilindi.

Mamlakatning siyosiy va iqtisodiy mavqeini mustahkamlab, koʻpdan davom etib kelayotgan ichki tarqoqlikka barham berish, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish maqsadida Amir Temur (1370-y. iyunida) Samarqandda katta qurultoy chaqirdi. Unda markaziy davlat tizimini shakllantirish va qoʻshin tuzish masalalari muhokama etildi.

El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyatini yaxshi tushungan Amir Temur qoʻshinning tuzilishiga katta ahamiyat berdi. U «amir» va «amir ul-umaro» kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy qildi. Qoʻshinni harbiy jihatdan isloh qilar ekan, u ayniqsa lashkarboshilarni tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda intizom masalalariga nihoyatda eʼtibor beradi (yana q. Temuriylar harbiy sanʼati).

Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, dastlabki vaqtlardayoq mamlakatda roʻy bergan ogʻir iqtisodiy tanglikni bartaraf qilish uchun eng avvalo soliq tizimini tartibga soddi. Davlat soliqlarini yigʻishda aminlar, kalontarlar va soliq yigʻuvchilarni raʼiyatga nisbatan insof va adolatli boʻlishga, qonunga xilof ish tutmaslikka chaqirdi, chunki saltanatning barqarorligi koʻp jihatdan raʼiyatning hol-ahvoli, uning davlat va davlat boshligʻiga boʻlgan sadoqatiga bogʻliq. Raʼiyatni himoya qilish qonun b-n mustahkamlangan, qonun barchaga barobar boʻlgan. Amir Temur nafaqat oʻz xalqini, balki zabt etilgan mamlakatlarning aholisini ham imkoni boricha qonun himoyasiga olgan. Ularni asirlik va talon-tarojlardan saqlagan.

A. T. Movarounnahrni moʻgʻullar hukmronligidan ozod etib, bu qad. mamlakatda mustaqil davlat barpo etgan boʻlsada, hali mamlakatda barqaror tinchlik oʻrnatilgan emas edi. Bir tomondan ayrim viloyat hokimlari Amir Temur hakimiyatini tan olishdan bosh tortib turgan boʻlsalar, ikkinchi tomondan mamlakatning sharqiy va shim. hududlari notinch edi. Moʻgʻuliston bilan Oq Oʻrda hukmdorlari Fargʻona vodiysining sharqi, Oʻtror, Yassi (Turkiston) va Sayram sh. lariga xavf solib, bu hududlarga tez-tez hujum qilar va aholini talontaroj qilardi. Shuning uchun ham Amir Temur dastlabki yillarda mamlakat sarhadlari xavfsizligini taʼminlashga katta ahamiyat berdi. Isyonchi amirlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. 1370-y. kuzi va 1371-y. bahorida amir Zinda Chashmga zarba berib, Shibirgʻon viloyati boʻisundirildi. Balx va Toshkent viloyatlari ham Amir Temur hokimiyatini tan oldilar. Ammo Xorazm Oq Oʻrda hukmdorlariga suyanib, hanuz boʻysunishdan bosh tortib kelardi. Xorazmni A. T. Chigʻatoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblab, uni oʻz davlatiga koʻshib olish siyosatini tutdi. Ammo bu masala elchilar vositasida tinch yoʻl bilan hal etilmagach, A. T. Xorazm hududiga besh marotaba yurish qildi. Birinchi yurishi 1371-y. yoz (iyul)ida Kot sh. ni egallash bilan yakunlandi. Amir Temurning 1373-y. bahori va 1375-y. yozida Xorazm tomonga qilgan ikki yurishi natijasiz tugadi. Bu asnoda Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamish bilan ittifoq tuzib olgan Xorazm hukmdori Yusuf soʻfi, uning yordamida Amir Temur davlati hududlariga bir necha bor yurish qilib, Qorakoʻl viloyati va Buxoro tumanlarini talon-taroj etdi. Bunday vaziyat shubhasiz, 1379-y. da Amir Temurni toʻrtinchi marotaba Xorazmga qoʻshin tortishga majbur etdi. Lekin, bu yurish ham avvalgilari kabi sulh tuzish bilan tugadi. Biroq shunga qaramay, Yusuf soʻfi ilgari Xorazmning Chigʻatoy ulusiga tegishli boʻlgan jan.-sharqiy (Kot va Xiva sh. lari birga) qismini yana qaytadan bosib oldi. Amir Temur davlatiga nisbatan Yusuf soʻfining tutgan bunday tajovuzkorona siyosati Xorazm ustiga Amir Temurning beshinchi marta yurish qilishiga sabab boʻldi. 1388-y. da Xorazmning poytaxti vayron etilib, uning hududlari Amir Temur davlatiga boʻysundiriddi.

Bu orada A. T. Moʻgʻuliston hokimi Qamariddin bilan ham toʻqnashib qoldi, chunki bu davrda uning Movarounnahrga boʻlgan talonchilik xurujlari kuchayib ketgandi. 1370 — 71 y. larda u Toshkent va Andijon ustiga bir necha bor bosqin qilib, talab qaytgandi. 1376-y. da esa Qamariddin hatto Fargʻona vodiysining talaygina qismini bosib oldi. Amir Temur mamlakatning shim.-sharqiy hududlariga nisbatan boʻlayotgan muttasil taxdidni bartaraf qilish uchun Qamariddinga jiddiy zarba berishga kirishadi. Yigirma yil (1371 — 90) mobaynida Sohibqiron Moʻgʻulistonga yetti marta yurish qilib, moʻgʻul hukmdorlari Anqotoʻra va Kamariddin ustidan gʻalaba qozondi. Shu zaylda A. T. Movarounnahr va Xorazmda ichki tarqoqlik, oʻzaro nizolar, shuningdek Moʻgʻuliston tomonidan boʻlib turgan tazyiqqa chek qoʻyib, ushbu hududda yashovchi elu elat va xalqlarni yagona davlatga birlashtirdi. Bu shubhasiz, Movarounnahr aholisi taqdirida ijobiy ahamiyat kasb etdi. Ammo, Amir Temur bu bilan qanoatlanmadi. Tez orada u qoʻshni davlatlar va xalqlar ustiga yurish qilib, ularni oʻziga boʻysundirish va markazlashgan buyuk saltanat barpo etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Bu davrda Oltin Oʻrda, Xuroson va Erondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat uning uchun juda qoʻl keldi. Amir Temur harbiy yurishni Xurosondan boshladi. 1381-y. u Hirotni egalladi. Saraxs, Jom va Qavsiya sh. lari jangsiz taslim boʻldi. Xuroson, xususan uning poytaxti Hirot strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlib, Eron, Iroq, Shom va b. mamlakatlarga oʻtishda koʻprik vazifasini oʻtardi. 1381 — 84 y. lar davomida A. T. Eronning katta qismini egalladi. Avval (1381) Kalot, Turshiz va Sabzavor, keyin (1383) Seistonning Zireh, Zova, Farah va Bust qalʼalari, 1384-y. da esa Astrobod viloyati va Ozarbayjonning Omul, Sori, Sultoniya va Tabriz sh. lari boʻysundirildi.

A. T. Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga uch marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda «uch yillik», «besh yillik» va «yetti yillik» urushlar nomi b-n mashhur. Uch yillik (1386 — 88) harbiy yurishlar oqibatida Jan. Ozarbayjon, Iroqning shim. qismi, Gurjiston va Van koʻli atrofidagi yerlar egallandi.

Amir Temur shu bilan birga shim.-gʻarbdan, yaʼni Oltin Oʻrda tomonidan boʻlayotgan tazyiqqa barham berish maqsadida Toʻxtamishga qarshi uch marta qoʻshin tortishga majbur boʻldi. U 1389-y. da Dizaq (Jizzax)ning Achchiq mavzeida, 1391-y. ning 18-iyunida (hoz. Samara bilan Chistopol sh. lari oraligʻida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida (q. Kunduzcha jangi) va nihoyat, 1395-y. da (28 fev.) Shim. Kavkazda Terek daryosi boʻiida Toʻxtamish qoʻshiniga kakshatqich zarba beradi (q. Terek daryosi boʻyidagi jang). A. T. harbiy yurishlari oqibatida Quyi Idil (Volga) viloyatlari, Saroy Berka, Saroychik va Hojitarxon (Astraxon) kabi shaharlar gʻorat qilindi. A. T. Toʻxtamishni quvib Ryazan viloyatigacha bordi va Yeles sh. ni ishgʻol qildi. Sharafuddin Ali Yazdiy A. T. ning Moskva yurishini shunday taʼriflaydi: «Sohibqiron Maskavga sorikim, Rusning shaharlaridan erdi, tavajjuq qildi. Anda yetkonda nusratshiʼor cheriki ul viloyatni (shahar va atrofini) chobtilar va andagʻi hokimlarni tobeʼ qildi. Va cherikning eliklariga sonsiz mol tushti…» («Zafarnoma», 179-bet). Bu urushda Azaq (Azov), Kuban va Cherkas yerlari ham kuchli aziyat chekdi. Qizigʻi shundaki, A. T. Idilning Turotur kechuvi boʻyida Oʻrusxonning oʻgʻli Quyrichoq oʻgʻlonni chaqirtirib, unga qoʻlga kiritilgan sobiq Joʻchi ulusini inʼom etdi. Rossiya tarixchilari B. D. Grekov va A. Yu. Yakubovskiyparnmnt yozishlaricha, Amir Temurning Toʻxtamish ustidan qozongan gʻalabasi, faqat Markaziy Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek tarqoq Rus knyazliklarining birlashishi uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan.

Shundan soʻng Amir Temur butun eʼtiborini Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo va Hindiston yerlarini uzil-kesil zabt etishga qaratdi. U besh yillik (1392 — 96) urush davomida Gʻarbiy Eron, Iroqi Ajam va Kavkazni egalladi, natijada muzaffariylar va jaloiriylar sulolasining hukmronligi barham topdi.

Amir Temurning Hindiston ustiga qilgan urushi (1398-y. may — 1399-y. mart) qariyb oʻn bir oy davom etdi. A. T. Hindistondan katta oʻlja, shu jumladan 120 jangovar fil bilan qaytdi. Oʻljalarning bir qismi qoʻshinga taqsimlab berildi, qolgani Samarqand va Kesh sh. larida olib borilayotgan qurilishlarga sarflandi.

Amir Temurning 1399 — 1404-y. larda olib borgan harbiy yurishlari natijasida Shomning Halab (Aleppo), Xums, Baalbek (Baʼalbak), Dimishq (Damashq) kabi yirik shaharlari va Iroqi Arabning Ubuliston oʻlkasi (qad. Kappadokiya) b-n Bagʻdod, shuningdek Turkiyaning katta qismi zabt etiladi. Anqara jangida Amir Temur jahonning bukj sarkardalaridan biri Boyazid Yildirim ustidan gʻalaba qozondi. Turkiya sultoni asirga olindi. U bilan birga xotini serb malikasi Olivera, oʻgʻillari Muso va Iso Chalabiylar ham asirga tushdilar. Soʻng, A. T. Anadolu ya. o. ni egallab, Oʻrta dengizning sharqiy sohilida joylashgan Izmir sh. ni zabt etdi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham berdi. Soʻngra, Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos o. laridagi Genuya mulklarining hukmdorlari unga taslim boʻldilar, Misr ham oʻz itoatkorligini izhor etdi. A. T. Anqara, Nikeya, Bursa va Izmir sh. larini egallab, Vizantiya va butun nasoro olamining Boyazidga yigʻib bergan bojlaridan iborat katta boylikni qoʻlga kiritdi. Birgina Bursa sh. dan olingan oltin va javohirlarning oʻzi kattagina karvonga yuk boʻlgan. Bandi qilingan Boyazid oʻrdugohga olib kelingach, Amir Temur unga xurmat va ehtirom koʻrsatdi. Uning vafotidan soʻng (1403-y. 9-mart) esa vorislariga himmat koʻzi bilan boqib, ularga beqiyos muruvvatlar qildi. Chunonchi Boyazidning toʻngʻich oʻgʻli Sulaymon Chalabiyni turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim etib tayinladi. Edirne (Adrianopol) sh. uning poytaxti qilib belgilandi. Anadoluning shim.-gʻarbiy qismi suyurgʻol sifatida Iso Chalabiyga inʼom qilinib, Bursa sh. uning poytaxtiga aylantirildi. Usmonli turklar davlatining markaziy qismini boshqarishni Muso Chalabiyga topshirdi. A. T. Usmonli turklar davlatini butunlay bosib olish niyatida boʻlmagan, chunki u Yevropa davlatlarining Yaqin Sharq mamlakatlariga nisbatan tajovuzkorona niyatda ekanligini yaxshi tushunar edi. Shuning uchun ham A. T. Usmonli turklar davlatini saqlab qoldi va Boyazidning vorislariga muruvvat qoʻlini choʻzdi. Shunday boʻlsada, Boyazid ustidan qozonilgan bu gʻalaba bilan Amir Temurni Fransiya qiroli Karl VI (1380 — 1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399 — 1407) tabriklab, unga maxsus maktub yubordilar. Chunki Amir Temur endigina uygonayotgan Yevropaga ulkan xavf solib turgan Usmonli turklar davlatiga zarba berib, butun Yevropaning xaloskoriga aylangan edi.

A. T. Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgach, 1404-y. 27 noyab. da 200 ming qoʻshin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqdi. Biroq Xitoy ustiga yurish Amir Temurning Oʻtrorda vafoti (1405-y. 18 fev.) tufayli amalga oshmay kolli. Amir Temurning vafoti haqidagi xabar garchi avvalda sir tutilsada, ammo koʻp vaqt oʻtmay bu noxush xabar mamlakat boʻylab tarqalib ketadi. Amir Temurning jasadi Samarqandga olib kelinib dafn qilinadi (q. Amir Temur maqbarasi).

Amir Temur — buyuk davlat asoschisi. U Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻiga qadar gʻoyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari A. T. davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shim.-gʻarbda Quyi Volga, Don buylari; shim.-sharqda Balxash koʻli va Ili daryosigacha; jan.-sharqda esa Shim. Hindistongacha bulgan mamlakatlar buysundirildi. Amir Temur davlatni aql-zakovot va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning «… davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim», degan soʻzlari buning yorqin dalilidir.

Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyosdir. Tarix bu qoʻhna dunyoda oʻtgan koʻp jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr buyi bunyodkorlik bilan mashgʻul bulgan. Uning «Qay bir joydan bir gisht olsam, oʻrniga un gʻisht qoʻydirdim, bir daraxt kestirsam, oʻrniga unta kuchat ektirdim» degan soʻzlari buning yorqin isbotidir. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham meʼmorlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat boʻlgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur ustahunarmandlari mamlakatda hashamdor imoratu inshootlar bino qilganlar. Amir Temur zabt etgan mamlakatlarning bir qator shaharlari (Bagʻdod, Darband, Baylaqon) ni qayta tikladi. A. T. Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bagʻdodda Madrasa, Turkistonda mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirgan boʻlsada, lekin asosiy eʼtiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining qabri ustiga maqbara, oʻgʻli Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi. Amir Temur hukmronligining ilk davrida Kesh sh. ni poytaxtga aylantirish niyatida boʻlib, uning obodonchiligiga katta ahamiyat berdi, bu yerda mashhur Oqsaroy qad koʻtardi. A. T. Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat qildi. Shu boisdan bu shahar «Qubbat ul-ilm val-adab» unvoniga ega boʻldi. Saltanat poytaxti Samarqand Amir Temur davrida ayniqsa gullab yashnadi. Shaharda Isfahon, Sheroz, Halab, Xorazm, Buxoro, Qarshi va Kesh sh. larining meʼmoru binokorlari qoʻli bilan saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar quriladi. Shahar tashqarisida esa bogʻ-rogʻlar va boʻstonlar barpo etiladi (q. Amir Temur bogʻlari). Xususan Shohizinda meʼmoriy majmuasiga mansub Shodimulk ogʻo maqbarasi, Shirinbeka ogʻo maqbarasi va b. quriladi. Shaharda Bibixonim jome masjidi, Amir Temurning qarorgohi Koʻksaroy va Boʻstonsaroylar qad koʻtaradi. Umuman olganda Samarqand sh. A. T. davrida oʻzining qad. oʻrni Afrosiyobyaan birmuncha jan. roqda butunlay yangitdan qurildi. Shahar tevaragi mustahkam qalʼa devori bilan oʻralib, Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, Soʻzangaron va Feruza kabi nomlar bilan ataluvchi 6 ta darvoza oʻrnatildi. Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida, xususan Zarafshon vodiysida oʻnlab sugʻorish tarmoqlari chiqarilib, dehqonchilik maydonlari kengaytirildi. Yangi qishloqlar barpo etildi. Ibn Arabshohning yozishicha, A. T. Samarqand atrofida qad koʻtargan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr, Bagʻdod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand kattaligi, goʻzalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmogʻi lozim edi. Hofizi Abroʻning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega boʻlgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari b-n maslahatlashardi. Odatda u tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar oʻtkazardi. Amir Temur saroyida ulamolardan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin Munshi, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono Nuʼmonuddin Xorazmiy, Xoʻja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy va b. xizmat qilardi. Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va maʼnaviyat aqliga koʻrsatgan gʻamxoʻrligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy shunday degandi: «Agar Temur qayerda fan, madaniyat va sanʼat ahlini uchratsa, ularni oʻz homiyligiga olar, ularga izzat-ikrom koʻrsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan oʻz oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va b. lavozimlarda foydalanardi». A. T. davrida savdo va hunarmandchilik gʻoyatda rivojlanadi. Yangi bozorlar, savdo rastalari barpo qilinadi. Klavixo Samarqand bozorlarida bugʻdoy va guruchning moʻlligi va arzonligi haqida gapirib, shahar hunarmandchiligi mahsulotlarini — atlas, kimxob, har xil ip va jun toʻqima mollar, moʻynali va ipakli poʻstinliklar, attorlik mollari, ziravor va dorivorlar, zarhal va lojuvardlar hamda boshqa mollarning serobligini ham taʼkidlaydilar. Bu davrda Amir Temur va uning joy Sulton Mahmudxon asir olingan noiblari Xitoy va Hindistondan Oʻrta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga yoʻnalgan asosiy xalqaro savdo yoʻli — «Buyuk ipak yoʻli»ni nazorat qilib, savdo karvonlari qatnovi xavfsizligini taʼminlashda, rabotlar, qalʼalar, koʻpriklar qurish yoʻlida muhim chora-tadbirlar koʻrdilar va Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga gʻoyat katta eʼtibor berdilar. Amir Temur eng muhimi, Eron, Ozarbayjon va Iroqdagi mayda hukmdorlar oʻrtasidagi tarqoklik va boshboshdoqlikka barham berib, bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, xalqgar va mamlakatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qoʻshdi. A. T. Yevropaning Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik kirolliklari bilan bevosita savdo va diplomatik aloqalar oʻrnatdi.

Amir Temurning harbiy yurishlari, jangu jadallarining oqibatlariga baho berilar ekan, shuni alohida taʼkidlash kerakki, uning faoliyati qoʻyilgan maqsad va rejalari jihatidan ikki bosqichga boʻlinadi. Birinchi bosqich (1360 — 86) da A. T. Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzish yoʻlida kurashdi, Movarounnahrni birlashtirishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy zodagonlardan iborat ijtimoiy kuchlar (mulkdor dehqonlar, harbiylar, hunarmandlar, savdogarlar va ruhoniylar) yordamida tarqoq mulklarni birlashtirish uchun kurash olib bordi. Amir Temurning bu davrdagi faoliyati Oʻrta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti taraqqiyoti yoʻlida shubhasiz ulkan ijobiy ahamiyat kasb etadi. Mamlakatda tarqoqpik tugatilib, markazlashgan davlatning tashkil topishi ijobiy oqibatlarga olib keldi. Mamlakat i. ch. kuchlarini va moʻgʻullarning bir yarim asrlik hukmronligi natijasida boʻhronga uchragan iqgisodni tiklash uchun qulayroq sharoit vujudga keldi. Ayni vaqnda xoʻjalikning asosi boʻlgan dehqonchilikda muayyan siljishlar roʻy berdi. Yangi-yangi ariq (kanal)lar qazilib, dehqonchilik maydonlari kengaydi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi, fan va madaniyat ravnaq topib, shaharlar obodlashdi va gavjumlashdi. Amir Temur biror mamlakatni tasarrufiga olishdan avval albatta oʻsha joy aholisiga tinchlik yoʻlini taklif etgan, bu yoʻl inkor etilgan holdagina harbiy kuch ishlatgan.

Amir Temur hayotligi chogʻidayoq saltanatni asosan toʻrt qism (ulus)ga boʻlib, oʻgʻil, nabiralariga taqsimlab bergan: Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohruxga, Gʻarbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, yaʼni Eronning jan. qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afgʻoniston va Shim. Hindiston (markazi Gʻazna, keyinchalik Balx) Pirmuhammadga suyurgʻol qilib berilgan. Amir Temur davlati oʻziga xos tartib-qoidalarga asoslangan holda idora etilgan (q. Temuriylar davlati). Amir Temur asos solgan bu davlat Xuroson va Movarounnahrda 16-a. boshigacha mavjud boʻlib, Shayboniyxon tomonidan tugatilgan.

Shoʻrolar tuzumi davrida Amir Temur shaxsi va faoliyatiga adolatsizlik bilan yondoshilib, bir yoqlama baho berilib kelindi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng bunday qarashlarga barham berildi. Amir Temurning jahon tarixida tutgan oʻrni oʻz joyiga qoʻyila boshlandi. Oʻzbekistonda uning faoliyatini oʻrganishga va uni ommalashtirishga keng yoʻl ochildi. Uning nomi Oʻzbekistonda abadiylashtirildi. Koʻplab shahar va qishloqlardagi shoh koʻchalar, maydonlar, jamoa xoʻjaliklari, maktablar, kinoteatrlar va b. uning nomi bilan ataldi. Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va b. shaharlarning markaziy maydonlarida Amir Temurga haykal oʻrnatildi, Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Temuriylar davri muzeyi barpo etildi (1996), «Amir Temur» ordeni taʼsis etildi (1996) va Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasi tashkil qilindi (1995). Toshkent, Samarqand va xorijiy mamlakatlarda YUNESKO rahbarligida hazrat Sohibqiron tavalludining 660-yilligi keng nishonlandi (1996). Amir Temur haqida ikki qismdan iborat badiiy film, spektakllar va sheʼriy hamda nasriy asarlar yaratildi.

Manbalar va ad.: Temur tuzuklari, forschadan Alixon Sogʻuniy va Habibullo Karomatov tarjimasi, T., 1991; Ibn Arabshoh, Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur (Temur tarixida taqdir ajoyibotlari), T, 1992; Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T, 1996; Sharafuddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1997; Muhammadjonov A., Temur va temuriylar saltanati (Tarixiy ocherk), T., 1994; Ahmedov B., Sohibqiron Temur (Hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati), T., 1996; Temur va Ulugʻbek davri tarixi, T., 1996; Pugachenkova G. A., Arxitekturnoye naslediye Temura, T., 1996; Amir Temur jahon tarixida, Parij, 1996; Karimov I., Amir Temur davridagi bunyodkorlik va hamkorlik ruhi bizga namuna boʻlaversin, Asarlar, 4-j., T., 1996; Karimov I., Xalqimiz bor ekan, Amir Temur nomi barhayotdir; Azaliy buyuklik mayekani; Sohibqiron kamolga yetgan yurt; Adolat va qudrat timsoli; Amir Temur — faxrimiz, gʻururimiz, Asarlar, 5-j., T., 1997.

Biobibliografiya: Rtveladze E. V.,Sayd o v A. X., Amir Temur v zerkale mirovoy istorii, Parij, 1996; Alimov R. A., Sohibqiron Amir Temur (Metodik tavsiyanoma), T., 1995.

Boʻriboy Axmedov, Abdulahad Muhammadjonov.