ALPINIZM

ALPINIZM (Alp togʻi nomidan) — sport turi, turli murakkab toʻsiqlardan oʻtib togʻ choʻqqilariga koʻtarilish. Alpinizm uch sinfdan — traverslar (dovon oshish, togʻ tizmalari va etaklaridan oʻtish), murakkab chiqish (tik togʻlarga chiqish) va baland togʻlarga koʻtarilishdan iborat. Alpinizm sport turi boʻlibgina qolmay, kam oʻrganilgan togʻlarni ilmiy tadqiq etishga ham xizmat qiladi. Alpinizm tarixi 1786-y. dan boshlanadi: oʻshanda shveysariyalik J. Balma va M. Pakkar Alp togʻining Monblan choʻqqisiga koʻtarilgan edilar. A. Markaziy Yevropadan boshqa oʻlkalarga, shu jumladan Rossiya va Osiyoga tarqaldi. Alpinistlar birin-ketin Kavkaz, Tyaninan, Pomir, Oltoy togʻlarini zabt etdilar. 19-a. ning oxirida Turkiston harbiy topograflari Chimyon togʻiga — 3309 m balandlikka koʻtarildilar.

20-y. larda Oʻrta Osiyo davlat unversitetida, Toshkent telegrafi, aloqa texnikumi va b. joylarda Alpinizm seksiyalari tashkil qilindi. 1938-y. Oʻzbekistonda alpiniada oʻtkazildi, uning 60 qatnashchisi Pskom togʻining 8 ta choʻqqisini zabt etdi. 1970—80 y. larda Oʻzbekistonda 1500 ga yaqin kishi Alpinizm bilan shugʻullandi. Alpinizmning ommalashuvi va sportchilarning shuhrat qozonishida V. Abalakov, V. Ratsek, V. Elchibekovlarning xizmati katta. Keyingi paytda Toshkent sh., Toshkent, Fargʻona, Namangan, Samarqand, Navoiy viloyatlarida Alpinizmga eʼtibor kuchaydi. Birgina Chimyonda oʻtkazilgan alpiniadada 1000 dan ortiq sportchi qatnashdi. Dunyodagi eng baland Everest (Jomolungma) choʻqqisi (Himolay togʻida bal. 8848 m)ni zabt etish alpinistlarning ezgu orzusi xisoblanadi. Yangi zelandiyalik Edmund Xillari va sherp Norgey Tensing 1953-y. unga birinchi marta koʻtarilganlar. Oʻzbekistonda Everestni zabt etuvchi alpinistlar guruhi tuzildi. Bu guruh 1998-y. mayda choʻqqiga chiqdi. 22 may kuni Rustam Rajabov birinchi boʻlib Everestni zabt etdi va u yerga Oʻzbekiston davlat bayrogʻini qadadi. Uning ketidan Oleg Grigoryev, Sergey Sokolov, Xanif Balmagambetov, Svetlana Baskakova, Ilyos Tuxvatullin, Andrey Fyodorov, Marat Usayev, Roman Mas, Andrey Zaikin, Aleksey Dokukin choʻqqiga koʻtarildilar (ekspeditsiya rahbari Anatoliy Shabanov). 1977-y. alpinistlarimiz Markaziy Tyanshanning «Xontangri» (7010 m) va «Gʻalaba» (7439 m) choʻqkisini zabt etgandilar.