ALP MINTAQASI

ALP MINTAQASI — togʻlardagi tabiiy balandlik mintaqasi, asosan moʻtadil va subtropik kengliklarda, aksari togʻ-oʻtloq landshaft tipidan iborat. Subalp mintaqasidan yuqorida joylashgan togʻlarning balandroq qismida A.m. nival mintaqasi bilan almashinadi. Alp mintaqasining balandlik holati geografik kenglik, namlik darajasi va yon bagʻirlarining ekspozitsiyasi bilan bogʻliq. Alp togʻlari va Gʻarbiy Kavkazda Alp mintaqasi 2000 m dan 3000 m gacha, Himolay togʻlarining jan. yon bagʻirlarida 3600 m dan 5000 m gacha oralikdagi balandliklarni egallagan. Moʻtadil va subtropik kengliklardagi togʻlarning seryogʻin yon bagʻirlarida aniq namoyon boʻlgan; yuqoriroq kengliklarda togʻ-tundra mintaqasi, quyiroq kengliklarda esa baland togʻ-dasht va choʻl mintaqasi; ekvatorial kengliklarda oʻtloqlar (paramos) mintaqasi bilan almashinadi. Relyefning togʻ-muzlik shakllari keng tarqalgan. Iqlimi sovuq, qor qoplami qalin (6—10 oy saqlanadi), vegetatsiya davri qisqa, qattiq shamollar boʻlib turadi, yanv. ning oʻrtacha t-rasi — 15°, iyulniki 14° chamasida, yillik yogʻin miqdori 1000 mm va undan koʻp; tez-tez qor koʻchkilari boʻlib turadi. Alp oʻsimliklari (butazor va oʻtloqlar) keng tarqalgan. Xoʻjalikda asosan yozda yaylovlar sifatida foydalaniladi. Hayvonot dunyosi quyi mintaqalarga tez koʻchib oʻta oladigan turlar (alqor, serpa, yovvoyi echki va b.) yoki qishki uykuga ketadigan kemiruvchilardan iborat.