ALBERTI

ALBERTI (Alberti) Leon Battista (1404.18.11, Genuya – 1472.25.4, Rim) — italyan olimi, meʼmor, yozuvchi va musiqashunos. Uygʻonish davrida yashab ijod etgan. Paduya va Bolonyada taʼlim olgan. Rim va Florensiyada yashab ijod etgan. Italyan tilida «Haykal haqida», «Rassomlik haqida», lotin tilida «Meʼmorlik haqida» chop etilgan nazariy risolalarida ilgʻor ilm yutuqlarini zamonaviy sanʼat bilan boyitib, umumlashtirgan, «Oila haqida»gi axloqiy risolasida har tomonlama rivojlangan barkamol shaxsni talqin qilgan. Meʼmorlikda qad. badiiy merosdan foydalanib, bino bosh tarzini yunon meʼmorligiga xos uslubda ravoklari keng, serhasham, yangi shakllarini yaratgan: Florensiyadagi Ruchellai pallasso saroyi, 1446 — 51; Santa-Mariya Novella, 1456—70; Riminidagi San-Franchesko, 1447 — 68; Mantuyadagi Sant-Andrea (1472 — 94) cherkovlari va b.